Filologiya fanlari nomzodi, dotsent
1938 yil 15 aprelda Rishton tumanidagi Jahonobod qishlog‘ida tug‘ildi. O‘sha yerdagi 13 - maktabda, so‘ng Zohidon qishlog‘idagi 2 - maktabdao‘qib, 1954 yilda 10 - sinfni tamomladi. Ikki yil davomida To‘da qishlog‘idagi maktabda yoshlar yetakchisi vazifasida ishladi. 1961 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining sirtqi bo‘limini bitirdi.
1961 yildan Jahonobod qishlog‘idagi maktabda til va adabiyot o‘qituvchisi, 1962 yildan ilmiy bo‘lim mudiri, 1966 - 1974 yillarda ushbu maktabda direktor bo‘lib ishladi. 1974 - 1976 yillarda tuman kabinet mudiri, 1976 yildan yana o‘z maktabida ilmiy bo‘lim mudiri lavozimida mehnat qildi. 1979 yil may oyidan Farg‘ona davlat pedagogika institutida ishlay boshladi.
U dastlab pedagogika kafedrasida (5 oy) ishlagach, 1979 yilda boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi tashkil topgandan so‘ng shu kafedraga o‘qituvchi lavozimiga o‘tkazildi. Mazkur kafedrada 1990 yilgacha ishladi. 1990 yildan o‘zbek va rus tillari metodikasi kafedrasida katta o‘qituvchi, 1993 yildan o‘zbek adabiyoti kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
T.Abdukarimov ilmiy - uslubiy ishlar olib borib, bir qancha nazariy va uslubiy maqolalar bilan matbuotda qatnashib turdi. 7 ta uslubiy qo‘llanmalari, 40 ta uslubiy va ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
1995 yilda “Zulfiyaning 70 - 80 yillar ijodida lirik qahramon tasviri” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. 1999 yilda dotsentlik unvonini oldi. Bundan tashqari, himoyagacha bo‘lgan davrda 20 ta maqola hamda 2 ta uslubiy qo‘llanma nashr ettirdi.
Mazkur ishlar bilan birga, 30 ga yaqin ilmiy ishlarga taqriz bergan. 2011 yilda nafaqaga chiqqan.
Mohir pedagog, jonkuyar ustoz, boshlang‘ich ta’lim rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olim va dilkash inson Turg‘unboy aka Abdukarimov 2018 yil 9 iyunda vafot etdi.