Nodira Ubaydullayevna ilm yo‘lidagi zahmatli mehnatlari , izlanuvchanligi bois tibbiyot fanlari nomzodi degan ilmiy darajaga sazovar bo‘lgan o‘zbek ayolidir. Bugungi kungacha o‘zining 25 dan ziyod ilmiy maqolalari, qator ilmiy – uslubiy qo‘llanmalari amaliyotga tadbiq etilgan olima hamon izlanishda , doktorlik dissertatsiyasi ustida tadqiqot ishlari olib bormoqda.
U taqdiri Farg‘ona davlat universitetiga daxldor bo‘lgan kunlarga shukrona aytadi. Mana shu baxtli tolei uni ilm saltanatiga, mashaqqatli, lekin sharafli yo‘lga boshladi.
Xalqning ulug‘ millat bo‘lib oyoqqa turishi birinchi galda onalarning ma’naviyati, madaniyati va salomatligi bilan bog‘liq degan hikmatga suyanib yashaydigan olima Nodira Abdukarimova qizaloqligidan shifokorlikni havas qilgan. O‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlagach, qat’iy ahd qildi: hamshira bo‘laman!
U 1983 yili Qo‘qon shahar tibbiyot bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tugatdi va Buvayda tuman markaziy shifoxonasida hamshira bo‘lib ish boshladi.
1987 — 1993 yillarda Andijon tibbiyot oliygohida bolalar shifokori yo‘nalishida tahsil oldi. Oliy tibbiy ilm maskani mu- rabbiylaridan oq yo‘l olgan Nodiraxon qadrdon dargohi Buvayda tuman markaziy shifoxonasida bolalar shifokori sifatida mehnat faoliyatini davom ettirdi. 1997 yili uning orzulari oliy dargohga yetaklab keldi. Farg‘ona davlat universitetining sanitariya-profilaktika ishi fakultetiga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilindi.
1999 yili Birinchi Toshkent davlat tibbiyot oliygohida anatomiya mutaxassisligi bo‘yicha kunduzgi aspiranturada o‘qidi va uni tamomlagach, tibbiyot oliygohining Farg‘ona filialida anatomiya-gistologiya kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida ishladi.
2004 yildan Farg‘ona davlat universiteti tibbiy bilim asoslari kafedrasida ishlash bilan birga tibbiyot akademiyasida izlanishlar olib bordi. Nihoyat, 2008 yili 25 martda ilmiy tadqiqotlari ustozlar sinovida o‘tdi: nomzodlik ishini muvaffaqiyatli yoqlab, yuzi yorug‘ bo‘ldi. Nodira Ubaydullayevna bugungi kunda universitetning harbiy fakultetida tibbiy bilim asoslari kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida talabalarga o‘z fanidan chuqur saboq bermokda. Mehnatsevarligi, kamtarligi, tashkilotchiligi bois jamoada hurmat va ehtirom topgan.