O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Abdulhamidov Alimardon

Abdulhamidov AlimardonTarix fanlari doktori, professor

    Alimardon Abdulhamidov 1936 yil 5 mayda  Rishton  tumanidagi To‘da qishlog‘ida  tug‘ilgan. Tumandagi 7- umumtalim  maktabini  tamomlab, Nizomiy  nomidagi  Toshkent  davlat pedagogika  institutining  tarix  fakultetiga  o‘qishga kirdi. 1958 yili  institutni  imtiyozli diplom  bilan tugatib, o‘zi  o‘qigan  7 - umumtalim  maktabida  tarix fanidan dars bera boshladi. 1959 - 1960 yillarda tuman xalq ta’limi bo‘limi inspektori vazifasida ishladi. 1960 yili akademik Yahyo G‘ulomov A. Abdulhamidovni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix - arxeologiya institutiga kichik ilmiy xodim vazifasiga ishga taklif etdi. Bu davrda u aspiranturaga kirib, 1965 yilda “Zarafshon vohasining suv ta’minlanishi tarixiga doir” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
  A. Abdulhamidov 1966 yilning avgust oyidan o‘z faoliyatini Farg‘ona davlat pedagogika institutida boshladi. U tarix, shu bilan birga, boshqa fakultetlar talabalariga arxeologiya va Yevropa - Amerika xalqlarining hozirgi zamon tarixidan dars berdi. A. Abdulhamidov o‘quv va tarbiyaviy faoliyat bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib borib, ko‘plab ilmiy maqolalar, monografiyalar yaratdi. 1970 yili e’lon qilingan “Daryo o‘z o‘zanini o‘zgartirmaydi”, 1973 yildagi “Tog‘lar orasidagi shahar”, 1976 yildagi “Qo‘qon vohasining sug‘orish tarixi” nomli maqolalari va kitoblari shular jumlasidandir.
  1978 yildan boshlab A. Abdulhamidov Moskvadagi N. N. Mikluxo - Maklay nomidagi Etnografiya institutida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi va professor B. V. Andrianovning ilmiy maslahatchiligida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bordi. 1983 yili “XIX asr oxiri - XX asr boshlarida O‘zbekistonning tog‘ oldi vohalarida xalq sug‘orish uslublariga doir” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
  Shundan so‘ng A. Abdulhamidov ish faoliyatini FDPI - da o‘z kafedrasida davom ettirib, matbuotda ko‘plab ilmiy maqolalar e’lon qildi. 1990 yilda nashr etilgan “O‘zbekiston tog‘ oldi rayonlarining sug‘orilishi tarixi” nomli yirik monografik asari ilmiy jamoatchilik tomonidan zo‘r qiziqish bilan kutib olindi. A. Abdulhamidov ustoz - olim sifatida mahalliy yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilish va ilmiy - pedagogik kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berdi. Uning bevosita rahbarligi va tavsiyasi bilan ko‘plab yoshlar fanda o‘z o‘rnini topdi. Tarix fanlari doktorlari, professorlar M. Isomiddinov va Sh. Hayitov, tarix fanlari nomzodlari, dotsentlar A. Anorboev, E. Qodirov, T. Qo‘chqorov, X. Rahmatullayev, A. Salmonov va boshqalar shular jumlasidandir.
  A.  Abdulhamidov rahbarlik lavozimlarida ham samarali faoliyat olib borgan. U 1976 - 1986 yillarda Farg‘ona davlat pedagogika instituti tarix fakultetida kafedra mudiri va dekan lavozimlarida ishladi, 1986 yilning sentyabrida esa FDPI rektori etib tayinlandi. Alimardon Abdulhamidov Farg‘ona davlat pedagogika institutiga davlat universiteti maqomi berilishida tashabbuskorlar qatorida bo‘ldi. U 1991 yildan to umrining oxirigacha FarDU prorektori lavozimida sidqidildan mehnat qildi. A. Abdulhamidov oliygohga rahbarligi davomida pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga, universitet moddiy - texnika bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berdi. Jumladan, kelajak avlod tarbiyasida ma’naviy - ma’rifiy, siyosiy ta’limni rivojlantirish maqsadida siyosiy va ijtimoiy kafedralar fakultetini tashkil qildi. Talabalar va professor - o‘qituvchilar dam olishlariga, dala amaliyotiga sharoit yaratish maqsadida Oqbilol tajriba uchastkasini tashkil qilishga erishdi.
  1990 yilda A. Abdulhamidov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga deputat etib saylandi va saylovchilar oldidagi burchini sidqidildan bajardi. Jumladan, u Oliy Majlis yig‘ilishlari kun tartibiga qo‘yilgan ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, respublika Konstitutsiyasini, bayrog‘ini, gerbi va madhiyasini qabul qilish muhokamalarida ishtirok etdi. FDPIning 9 - binosiga o‘tish uchun qurilgan yer osti yo‘lagi A. Abdulhamidovning tashkilotchiligi va jonbozligi mahsulidir.
  Alimardon Abdulhamidov 1992 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Faxriy yorliq bilan mukofotlangan.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar5



Ijtimoiy-gumanitar fanlar10



Tabiiy fanlar80



Filologiya5