
Abdullayev Habib Muhamedovich (1912.31.8, O`sh shahri yaqinidagi Aravon qishlog`i — 1962.20.6, Toshkent) — geolog olim, davlat va jamoat arbobi, O`zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1947), geologiya-mineralogiya fanlari doktori (1946). O`rta Osiyo industriya institutining konchilik fakultetini tugatgach (1935), geologiya-razvedka partiyasi boshlig`i. Keyinroq O`zbekistondagi Langar volfram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil bo`lishini tadqiq qildi. 1940 yildan O`rta Osiyo industriya institutining foydali qazilmalar kafedrasida dosent, so`ngra shu institutda direktor, 1942 yildan O`zbekiston hukumati raisining o`rinbosari, 1944 yildan ayni vaqgda Davlat plan komissiyasi raisi. 1946 yil «O`rta Osiyoning sheelitli skarnlari geologiyasi» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi va bu asar 1947 yilda nashr etildi.
Abdullayev Habib 1947 yildan O`zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti. Abdullayev Habib 1952 — 55 yillarda O`zbekiston Fanlar Akademiyasi texnika va geologiya-kimyo fanlari bo`limining raisi, 1955—56 yillarda O`zbekiston hukumati raisining o`rinbosari va 1956 yildan O`zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti. Abdullayev Habib 1959 yilda ruda paydo bo`lishining granitoid intruziyalar bilan genetik bog`liqligi sohasidagi ilmiy ishi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. U endogen ruda hosil bo`lishi nazariyasini rivojlantirdi. 130 dan ortiq ilmiy asar (jumladan, 7 monografiya) yozgan. Abdullayev Habib Toshkent va Moskvada nashr etilgan ko`pgina mo`tabar ilmiy jurnallar, to`plamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning mas`ul muharriri, tahrir hay`ati a`zosi edi, jumladan O`rta Osiyoda birinchi — «O`zbekiston geologiya jurnali»ni tashkil qildi va uning mas`ul muharriri bo`ldi. Abdullayev Habib volfram, qalay, rangli va qora metallar ruda konlarining turli yo`llar bilan hosil bo`lganligini ko`rsatib berdi. Abdullayev Habib ruda paydo bo`lish jarayonlarini magmatizm hamda bu jarayonlar ro`y beradigan geologik muhit ta`siri bilan chambarchas bog`liq ekanligini aniqladi. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida «Chatqol-Qurama tog`lari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari» monografiyam yaratildi (1957), «O`rta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni» asari nashr etildi (1960).
Abdullayev Habibning so`nggi turkum ishlaridan biri «Ruda-petrografiya provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) bo`ldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlari shakllanish xususiyatlariga bag`ishlangan «Metallogeniya— foydali qazilma konlarini qidirib topishning geologik asofotidan keyin Beruniy nomidagi O`zbekiston Davlat mukofoti berilgan. Abdullayev Habibning geologiga oid nazariy fikrlari amaliyotda tasdiqlandi. U birinchi bo`lib O`rta Osiyoni alohida metallogenik maxsus provinsiya sifatida ajratdi. Skarnlar tuzilishi, ruda uchraydigan va ruda hosil bo`ladigan skarnlar mavjudligi qayd etildi. Abdullayev Habibning rudalarning granitoid intruziyalar bilan bog`liq ravishda hosil bo`lishiga doir asarlari ilmiy munozaraga sabab bo`ldi. Asarlarda konlarning intruziyalardan uzoq-yaqinligiga qarab tasniflanganligi Emmonsning mavhum batolit konsepsiyasidan tubdan farq qiladi. Abdullayev Habib O`rta Osiyoga doir tadqiqotlarini tahlil qilib, kichik intruziyalar o`chog`i bilan rudali jinslarning umumiyligini hamda magmatizm bosqichlari bilan bog`liq bo`lgan ruda hosil bo`lish jarayonlarining takrorlanib turishini ko`rsatib berdi. Abdullayev Habibning so`nggi asarlarida ayrim joylarda muayyan tipdagi magmatizm hodisalari ro`y berishi va rudalar hosil bo`lishi muammolari o`rganilgan.
Abdullayev Habibning «O`rta Osiyoning metallogenik ocherki» (1949), «Rudalanishning granitoid intruziyalar bilan genetik bog`liqligi» (1954 — 57), «Daykalar va rudalanish» (1957), «Ruda-petrografik provinsiyalari va ularni tasniflash masalalary» (1961) kabi asarlari jahonga mashhur bo`ldi. «Rudalanishni granitoid intruzivlar bilan genetik bog`liqligi» asari xorijiy olimlar taklifi bilan nemis, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan. Abdullayev Habib regional kengashlar, Xalqaro geologiya kongressining, bir necha sessiyalarning faol tashkilotchisi, qatnashchisi, kengash to`plamlarining muharriri bo`lgan. Abdullayev Habib bir necha chet el geologiya jamiyatlari a`zosi edi. O`zbekiston Respublikasi miqyosidagi ko`pgina ilmiy va ilmiy-texnika jamiyatlariga, qo`mitalariga boshchilik qilgan. Asarlari o`zbek va rus tillarida nashr etilgan. Bular orasida O`zbekistonda fan, ilmiy-texnika, iqtisodiyot va madaniyat ravnaqiga bag`ishlanganlari anchagina. Abdullayev O`zbekistondagina emas, balki butun O`rta Osiyodagi geologik ishlab chiqarishda, ilmiy muassasalar va oliy o`quv yurtlarida ishlaydigan katta jamoani birlashtirgan ilmiy maktabning tashkilotchisi va rahbari bo`ldi. Ilmiy maktab olimlari Tyanshan tog`laridagi jinslar asosida petrologiya va metallogeniya masalalarini hal qilish sohasida birgalikda ish olib bordilar. Abdullayev O`zbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geologiya bo`yicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo`shdi. Abdullayev Habib rahbarligida 7 kishi doktorlik, 28 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Abdullayev Habib ToshPI (hozirgi ToshTU) geologiya-razvedka fakultetida geologiya oliy o`quv yurtlari orasida birinchi bo`lib Petrologiya va metallogeniya kafedrasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi. Urush davrida Abdullayev Habib hukumat a`zosi va geolog olim sifatida front va front ichkarisini zarur resurslar bilan ta`minlash va strategik ahamiyatdagi qazilma boyliklar qidirish va ishga solishda katta ishlarni amalga oshirdi. Abdullayev Habib 1950 yildan umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati O`zbekiston bo`limini boshqardi. 1960 yildan Fransiya geologiya va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlarining a`zosi. Tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964 — 69). Abdullayev Habibning hayoti va ilmiy hamda jamoatchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida "Esdaliklar" chiqarilgan. O`zbekiston Fanlar Akademiyasi Geologiya va geofizika institutiga va Toshkent shahridagi katta ko`chalardan biriga, Akmal Ikromov tumanidagi mahallaga, Toshkent metrosi stansiyalaridan biriga, 193-maktabga, Ulug`bek shaharchasida ko`cha va b. obyektlarga Abdullayev Habib nomi berilgan. Geologiya va geofizika instituti binosiga, ToshTU geologiya-razvedka fakulteti binosiga yodgorlik taxtasi o`rnatilgan. H. Abdullayev nomida «Oltin medal» ta`sis etilgan (1992). O`sh shahridagi katta ko`chalardan biri, Abdullayev Habib tug`ilib o`sgan Aravondagi maktab va ko`cha ham Abdullayev Habib nomi bilan atalgan. Geologiya va geofizika instituti qoshida Abdullayev hayoti va ijodiga bag`ishlangan muzey tashkil qilingan. Abdullayev Habib Toshkentdagi Chig`atoy qabristoniga dafn qilingan. Qabri ustiga marmar byust qo`yilgan (haykaltarosh Ye. V. Vuchetich).