Falsafa fanlari doktori, professor
1938 yil 2 martda Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidagi Qizilqiyoq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1962 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining tarix - filologiya fakultetini tamomlagan. 1971 yili nomzodlik, 1994 yili “Estetik madaniyatning milliy o‘ziga xosligi va taraqqiyotning asosiy omillari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. Falsafa fanlari doktori, professor(1998)
1962 yildan boshlab uzluksiz ravishda ilmiy - pedagogik faoliyat bilan shug‘ullandi. Farg‘ona davlat universitetining assistenti, o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti, fakultet dekani, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, madaniyatshunoslik kafedrasi mudiri, 1996 yildan esa falsafa kafedrasi mudiri lavozimlarida ishladi.
Madaniyatning falsafiy - estetik muammolari yo‘nalishlarida ilmiy - tadqiqot ishlari olib bordi. Mazkur sohaga oid 100 dan ziyod chop etilgan ishlar muallifi, FarDUda xizmat ko‘rsatgan professor. Xalqaro, respublika va mintaqaviy ilmiy - amaliy anjumanlarning faol ishtirokchisi. M.Abdullaev respublika Falsafa jamiyati Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, FarDU milliy istiqlolni o‘rganish va tartibot Markazida rahbarlik qildi. Estetik madaniyat, axloqiy madaniyat, psixologik madaniyatning uzviy birligi, estetik faoliyatning moddiy, ma’naviy, siyosiy, ijtimoiy sohadagi o‘ziga xosligi kabi munozarali muammolari borasida ilmiy tadqiqot ishlari olib bordi. Uning bevosita rahbarligida 2 ta nomzodlik dissertatsiyasi yoqlandi.
U “Baynalmilal ong va milliy o‘zlikni anglash dialektikasi” (1985), “Muammoviylik madaniyat taraqqiyoti shakli sifatida” (1989), “Madaniyat, tsivilizatsiya, inson” (1985), “Ijtimoiy taraqqiyotda dialektik ziddiyatlar va ularni bartaraf etish yo‘llari” (1990), “Istiqlol yillari: milliy - diniy qadriyatlarning xalqqa qaytishi” (2001) kabi jamoaviy monografiyalarning hammuallifi, “Estetik madaniyat” (1991), “Istiqlol va bunyodkorlik dasturi” (1993), “Ma’naviy madaniyat taraqqiyoti masalalari” (1994), “Estetik tafakkur tarixi” 1996), “Madaniyatshunoslik” (1997), “Madaniyatshunoslik asoslari” (1998) kabi monografiya va o‘quv qo‘llanmalari muallifidir. U “Oliy ta’lim fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.