Dotsent
O‘zbekiston Milliy universitetining Ijtimoiy fanlar fakulteti “Etika va estetika” kafedrasi dotsent vazifasini bajaruvchisi Abidjanova Feruza ijodiy bir muhitda, kitobga mehr kuchli bo‘lgan oilada voyaga yetdi. Otasi - Sherov Abdulla (Abdulla Sher) shoir, jurnalist va olim xonadonida millat va Vatan taraqqiyoti uchun qayg‘urish, fidoyilik va jo‘mardlik, hamisha ziyolilikka intilishning kuchliligi Feruzada kitobga bo‘lgan qiziqishining kuchayishiga sabab bo‘ldi. Otadan meros bo‘lgan shoirtabiatlilik muhabbatga - insonparvarlikka, boy xayolotga va jo‘shqinlikka undasa, onadagi - Sherova Yoqutxondagi haqqoniylikka intilish va bosiqlik fazilatlari uni voqelikni to‘g‘ri baholay olishga yordam berdi.
Abidjanova Feruza Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakultetini 2000 yili ingliz tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriyatni, 2002 yilda esa O‘zbekiston Milliy universiteti Falsafa fakulteti “Etika va estetika” kafedrasi qoshidagi Estetika tarixi va nazariyasi yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tugatib, magistrlik dissertatsiyasini a’lo bahoga himoya qildi. Shu yili fakultetning estetika ixtisosligi bo‘yicha aspirantura bo‘limiga qabul qilindi. 2005 yil Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasining 14 yilligiga bag‘ishlangan aspirantlarning ilmiy ishlari bo‘yicha e’lon qilingan tanlovda ishtirok etdi. Aspiranturani tamomlagach 2005 yil “Etika va estetika” kafedrasining o‘qituvchisi sifatida ish faoliyatini boshladi. Bir qancha respublika va xalqaro miqyosidagi ilmiy anjumanlarda tezis va maqolalar bilan ishtirok etdi. Ikki yil davomida falsafa fakulteti falsafa bo‘limi, bakalavriyat bosqich talabalariga murabbiylik qildi hamda shu vaqtgacha 11 ta malakaviy bitiruv ishi hamda magistrilik dissertatsiyasiga rahbarlik qildi. Universitet, Fakultet va kafedra ma’naviy - ma’rifiy ishlarida, sport tadbirlarida (shashka, stritbol) muntazam ishtirok etib keldi hamda 2014 yili guruh bilan birgalikda 1 o‘rinni fakultetlaro musobaqads egalashga muvaffaq bo‘lindi.
Abidjanova Feruza Abdullaevnaning ILMIY zamonaviy yo‘nalishdagi (Ruhiy tahlil etikasi va estetikasi) tadqiqot ishlari uning muallifligidagi 30 taga yaqin ilmiy maqolalarda o‘z aksini topgan. Shuningdek, “Ruhiy tahlil estetikasi va uning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi dissertatsiyasini 2009 yil himoya qildi va ilmiy ishda bardavomlik bilan yettita maqolani nashrdan chiqardi. 2010 yil esa “Barkamol avlodni shakllantirishdagi samarali faoliyati uchun” faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Olima 2011 - 2014 yilga qadar O‘zbekiston Milliy universiteti “Etika va estetika” kafedrasida katta ilmiy xodim izlanuvchilik lavozimida faoliyat olib borib, 2014 yil doktorlik ishini muhokamadan o‘tkazdi. Doktorlir uchun malakaviy imtihonlarni muvaffaqiyatlr topshirdi.
Bitta o‘quv qo‘llanma va bitta uslubiy qo‘llanma muallifi. Feruza Abdullaevna 2013 yildan “etika”va “estetika” fanlaridan (xorijiy filologiya ingliz guruhlariga) ingliz tilida ma’ruzalar o‘qiydi. Shu bilan birga, oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning tajribasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy - uslubiy markazida ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
Abidjanova Feruza faqat yaxshi tomonda o‘zini ko‘rsatib, magistrantlar va talabalarga namuna bo‘lib keldi. U bilim doirasining kengligi, ma’ruzalarining qiziqarliligi, kasbi muhabbati, ishga mas’uliyati bilan ajralib turadi.
Feruzaxon oilali. Ikki nafar farzandning onasi.