O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi, kimyo fanlari doktori, professor “Gidrogenlash jarayonlari va katalizatorlari” laboratoriya mudiri, taniqli olima Abidova Muhabbat Fozilovnaning ilm - fanga qo‘shgan katta hissasi - birinchilardan bo‘lib distillyat va qoldiq neft xom ashyosini gidrokrekinglash jarayoni uchun katalizatorlarni ilmiy asosda tanlash va yaratishdan iboratdir. Olima tomonidan ko‘p tonnali gidrokreking katalizatorlarni yaratish uchun tehnologik chizmalar, asbob - uskunalar yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borildi. Ushbu tadqiqotlar evaziga sanoat miqyosida sinab ko‘rish uchun zamin tayyorlanib, 1983 yilda “Angarsk nefteorgsintez” sanoat birlashmasida katalizatorni sinash ishlari amalga oshirildi. Yuqori sifatli yoqilg‘i (benzin, dizel va reaktiv) fraktsiyasini selektiv olish maqsadida yangi tizimlari va ularni modifikatsiyalanishi neft xom ashyosini qisman va chuqur gidrokrekinglash uchun ishlab chiqarildi va bu sohada katalizator tayyorlashning ekologik samarasi bebahodir.
U katalitik jarayonlar bo‘yicha yetuk mutaxassis hisoblanib, yaratilgan texnologik chizmalar o‘zining iqtisodiy salohiyati jihatidan ajralib turadi.
Uning bevosita rahbarligida ishlayotgan jamoa xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan askorbin kislotasini olishning uzluksiz gidrogenlash uchun katalizator yaratish va boshqa kimyo - farmatsevtika preparatlari olish usullarini takomillashtirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borildi. Nisbatan qisqa vaqt ichida glyukozani gidrogenlab, sorbit olish bo‘yicha Muhabbat Abidova tomonidan yuqori chidamli, qotishmali katalizator taqdim etildi. Yiliga 10 ming tonna sorbit ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan sanoat qurilmasini yaratish uchun texnologik reglament ham ishlab chiqildi.
“Latbiofarm” ishlab chiqarish birlashmasida “Fenkarol” va “Butamid” dori-darmon vositalarni ishlab chiqarishda, katalizatorning “sustlashtirilgan” holda qo‘llanilishi bir reaktorning o‘zidan 10 martagacha jarayon o‘tkazishini ta’minlash bilan birga, gidrogenlash jarayon vaqtini ancha kamaytirish imkonini berdi. Akademik Abidova Muhabbat Fozilovnaning izlanishlari xalqaro va respublika miqyosidagi anjumanlarda, seminarlar va simpoziumlarda ma’ruza qilingan. Muhabbat Abidova 490 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘lib, shundan 150 tasi muallif- lik guvohnomasi va patentidir. U O‘zbekiston kimyo jurnali tahririyati a’zosi, neftni qayta ishlash bo‘yicha O‘rta Osiyo va Qozog‘iston nomzodlik dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha mintaqaviy kengash a’zosi. U ko‘plab fan doktori va nomzodlarini tayyorlagan.
Muhabbat Fozilovna faol jamoatchi, ko‘p yillar mobaynida institutning xotin-qizlar kengashini boshqargan, Respublika kashfiyotchilar va ratsionalizatorlar kengashining a’zosi, O‘zbekiston kimyo jurnali tahririyati a’zosi va institutning olimlar kengashining doimiy a’zosidir.
Akademik Abidova rahbarligida “O‘zbekneftgaz” MXK tomonidan qo‘llab - quvvatlangan va moliyaviy tomondan ko‘rsatilgan yordam orqali O‘zbekiston neft distillyatlari va og‘ir (qoldiq) fraktsiyalarni chuqur qayta ishlash uchun katalizator yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Olib borilgan izlanishlar O‘zbekistonning mahalliy neft xom ashyosini maqsadli yo‘nalishda chuqur qayta ishlashni balansli ravishda olib borish imkonini beradi.
Hozirgi kunda Muhabbat Fozilovna O‘zbekiston kimyo - farmatsevtika ilmiy - tadqiqot instituti (O‘zKFITI)da “Og‘ir neft xom ashyosini qayta ishlashni balansli jadallashtirish” masalalari bilan shug‘ullanmoqda.
Katalizning omillaridan uyg‘un foydalanish, ya’ni jarayoning sharoitini o‘zgartirish, dastlabki oltingugurt miqdori yuqori bo‘lgan og‘ir (qoldiq) neft xom ashyosining chuqur o‘zgarishiga faol ta’sir etishi bilan birga, olinadigan maqsadli neft mahsulotlarining sifat va miqdoriga ham ta’siri tajriba asosida aniqlandi.
Muhabbat Fozilovna “Hurmat belgisi” ordeni va ‘Sharafli mehnati uchun” medali, ilmiy - tadqiqot ishlaridagi yutuqlari uchun O‘zbekiston Oliy Kengashining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan.
Akademik Muhabbat Abidova katta xonadonning to‘kis bekasi. Turmush o‘rtog‘i Xodjayev Botir Agzamovich texnika fanlari doktori, professor. Ikki o‘g‘li va bir qizi bor. Ular oliy ma’lumotli, o‘z sohalarining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishgan. 10 ta nabira va 6 ta evara esa oila an’anasining munosib davomchilaridir.