Biz bolalikdan yaxshi insonlarga, avvalo o‘z ota - onamizga havas qilib, taqlid qilib voyaga yetamiz. Farzandlarimiz bizdan faxrlanishar, biz kabi bo‘lishga intilar ekan, demak ularga qay bir xislatlarimiz, jamiyatda tutgan o‘rnimiz, balki egallagan kasb - holimiz bilan ibrat bo‘la olayapmiz deb mamnun bo‘lsak bo‘ladi. Yosh Xurshida ham avvalo uyda sarishta va mehribon, ish joyida hurmat - e’tiborga ega, ko‘p yillar davomida Yuridik institutining katta o‘qituvchisi sifatida yoshlarga saboq bergan onasi Sharofat Abzalovaga havas qilib, shu kasbni tanlagandir... Nima bo‘lganda ham u voyaga yetgan oilasidan, ota-onasidan yaxshi fazilatlarni, ilmga bo‘lgan muhabbatni, o‘z maqsadi sari olg‘a intilishni o‘rgandi. Opasi Feruza Mirziyodovna bilan birgalikda ona kasbini - huquqshunoslikni tanladi.
Xurshida Abzalova maktabda o‘qiyotgan paytdayoq tarix, matematika, huquq asoslari, adabiyot kabi fanlarga qiziqishi yuqori edi, huquqshunoslik sohasiga katta qiziqishi bo‘lganligi sababli Toshkent Davlat Yuridik institutiga hujjatlarni topshirdi. 2002 yilda davlat test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talaba bo‘lish baxtiga sazovor bo‘ldi. Oliygohda ta’lim olish jarayonida konstitutsiyaviy huquq, jinoyat hukuqi, jinoyat - protsessual huquqi fanlarini qiziqish va ishtiyoq bilan o‘rgandi. Shuningdek, u oliy ta’limning bakalavriat bosqichida o‘qib yurgan paytlarida, institut tomonidan tashkil etilgan turli xil tadbirlar va jamoat ishlarida faol ishtirok etdi.
Xurshida Abzalova 2006 yil ushbu oliy o‘quv yurtini imtiyozli diplom asosida tamomlab, magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindi. Ta’lim jarayonida ustozlari bergan bilim va saboqlari asosida “Jinoyat huquqi”, “Jinoyat - ijroiya huquqi” va “Kriminologiya” kabi fanlar bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldi, shuningdek, mazkur sohada ilmiy tadqiqot olib borishga qaror qildi. 2008 yilda magistratura bosqichini a’lo darajada tamomladi.
Xurshida Mirziyodovna nazariya va amaliyot uzviyligini ta’minlash, olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida yoshlikdan bo‘lgan qiziqishlarini ruyobga chiqarish ishtiyoqi yuqori bo‘lganligi tufayli fuqarolarga malakali huquqiy yordam berishga ahd qildi. Shuning uchun fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga malakali yordam ko‘rsatish maqsadida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishni boshladi. 2008 - 2009 yillarda Toshkent shahar advokatlar kollegiyasida, 2009 - 2010 yillarda “DO – MANUS” advokatlik firmasida faoliyat olib bordi. 2010 yilda esa o‘zining rahbarligi ostida “AVANGARD - FEMIDA” nomli advokatlik firmasini tashkil etdi va bugungi kunga qadar mazkur faoliyatini davom ettirmoqda.
Yosh olima ushbu faoliyati bilan birgalikda ilmiy va pedagogik faoliyatini ham amalga oshirmoqda. Jumladan, 2012 yilda ilmiy izlanishlarining mahsuli sifatida “Ob’ektiv tomon xususiyatlari bo‘yicha javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shuningdek, 2012 - 2013 yilda Toshkent Davlat Yuridik institutining “Jinoyat huquqi va kriminologiya” kafedrasi o‘qituvchisi, 2013 yildan hozirgi kungacha Toshkent davlat yuridik universiteti “Jinoyat huquqi va kriminologiya” kafedrasining o‘qituvchisi lavozimida ham faoliyat olib bormoqda. Kelajakda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish va faoliyatida boshqa ko‘plab yutuqlarga erishishuning maqsadi. Yuridik fanlari nomzodi Xurshida Mirziyodovna yosh bo‘lsada, o‘z intilishlari, ilm bobida erishayotgan yutuqlari, pedagogik faoliyati va avvalo jismiga xos va mos bo‘lgan go‘zal xulq - u odobi bilan nafaqat o‘zi ishlayotgan jamoa, balki talabalarning hurmatiga allaqachon sazovor bo‘lgan.
Poytaxt olimalarining izlanishlari, yangiliklari fan olamidagi yutuqlari O‘zbekisgon Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga munosib sovg‘adir.