
Shin Agrippina Vasilevna , 1958 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan , pedagogika fanlari nomzodi , O‘zliDeP- ishbilarmonlar va tadbirkorlar harakati partiyasi a’zosi.
1975-80 yillarda Toshkent elektrotexnika aloqa institutida tahsil olgan. O‘zining faolligi bilan boshqa talabalardan ajralib turgan Agrippina ustozlar nazariga tushadi va ularning taklifi bilan 1980 yildan institutning «Aloqa liniyalari» kafedrasida katta injener lavozimida mehnat faoliyatini boshlaydi. Ushbu tashkilotda 1987 yilgacha samarali mehnat qiladi.
Shu davrga kelib Shin Agrippina Vasilevna pedagogik sohaga layoqati kuchliroq ekanligini anglab yetadi. 1987 yilda o‘smirlar ta’lim-tarbiyasi sohasida ishlash orzusini amalga oshirish maqsadida u Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejiga ishga kiradi va ishlab chiqarish ta’limi ustasi lavozimida pedagogik faoliyatini boshlaydi.
Pedagogik faoliyatining dastlabki yillaridanoq o‘quvchilar bilan ishlash, ularga ta’lim-tarbiya berish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida mehnat qilish orqali ilg‘or tajribaga ega bo‘lganini ko‘rsatdi.
1993 yilda mehnatsevar, izlanuvchan, mas’uliyat bilan faoliyat olib borgan Shin Agrippina Vasilevna ushbu ta’lim muassasasi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Uning o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan amalga oshirgan samarali mehnati tufayli kollej ilg‘or ta’lim muassasalari qatoridan joy oldi.
Bu yutuqlarning sardori sifatida tan olingan Shin A.V. 2001 yildan Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori lavozimiga tayinlandi. U ishlagan davr mobaynida kollej respublikamizning ilg‘or ta’lim maskanlaridan biriga aylandi.
Mehnat faoliyati davomida Shin A.V. O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish va takomillashtirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Hozirgi kunda uning rahbarligida Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida na’munaviy ta’lim muassasalaridan, shuningdek «Axborot telekommunikatsiya texnologiyalari» yo‘nalishi bo‘yicha malakali kichik mutaxassislarni tayyorlashda nufuzli kollejlardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, shunisi e’tiborliki, kollej 2003 yildan O‘zbekiston Respublikasi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Markazi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Kengashi bilan hamkorlikdagi telekommunikatsiya sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida amalga oshirilayotgan «Kasb-hunar kollejlari o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish» loyihasida va 2004 yildan O‘zbekiston va Germaniya Texnik Markazi bilan hamkorlikdagi «Informatsion-kommunikatsion texnologiyalar yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash» loyihasida ishtirok etib kelmoqda. Ushbu loyihalarning dasturlari doirasida mazkur soha mutaxassislari 2004 va 2007 yillarda Germaniya va Buyuk Britaniyada malaka oshirganlar.
2009 yildan buyon Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji Shin Agrippina Vasilevna rahbarligida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi sohasida xalqaro hamkorlik ishlarida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Koreya Respublikasi va Rossiyaning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bunday hamkorlikning asosiy maqsadi - o‘zaro hamkorlik yo‘li bilan jamoatchilikning rivojlanishiga hissa qo‘shish, ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish orqali XXI asr - bilim va informatika asrining talablariga javob bera oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
2005 yildan buyon u O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Janubiy va Shimoliy Koreyaning birlashuvi bo‘yicha Jahon qo‘mitasining a’zosi, 2007 yildan O‘rta Osiyo mintaqasi bo‘yicha Rais o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
2007 yilda Shin A. V. «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasining «Pedagogika sohasida ilmiy tekshirishlar borasida tadqiqotchilar va yuqori pedagogik tarkibning vakillarini rag‘batlantirish» grantida ishtirok etdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
2008 yilda Shin A.V. tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, pedagogika fanlari nomzodi unvoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi ravnaqi yo‘lidagi unumli mehnati, har tomonlama barkamol avlodni o‘qitish va tarbiyalashdagi fidoyiligi, millatlararo totuvlik va do‘stlik yo‘lida qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Shin Agrippina Vasilevna 2008 yilda eng yuksak Davlat mukofotlaridan «Do‘stlik» ordeni bilan, Nebolsin nomidagi Xalqaro mukofot bilan taqdirlangan.
2010 yilda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga saylandi.