Umr - g‘ildiragi. . . U bir zum bo‘lsa - da to‘xtamaydi. To o‘zining manziliga yetib bormagunicha aylanveradi, aylanaveradi... Muhimi bu yo‘llardan qanday o‘tayapsan?.. Ortga boqqanda masrur bo‘lgulik ezgu ishlar qilishga ulgura olayapsanmi?.. Umrning zalvori, o‘tayotgan kunlar salmog‘i odamlar uchun nafi teggulik ishlaring bilan to‘kisdir... Yosh avlodga ta’lim - tarbiya berishdek mas’uliyatli vazifani zimmasiga olish, kechalari bedor bo‘lib o‘qib - o‘rganish, yangiliklar sari intilish, shogirdlari yutuqlaridan quvona bilish, o‘z ishidan zavq olish ezgu ishlarning ulug‘i emasmi? O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Pedagogika va umumiy psixologiya” kafedrasi dotsenti Ahrorova Zebuniso Bahramovna ham ana shunday umr karvonida o‘z salmoqli ishlari bilan iz qoldirayotgan olimalardan.
Zebuniso Ahrorova 1991 yil ToshDU (Hozirgi O‘zMU)ning Jurnalistika fakultetini tugatgan. So‘ngra universitetning pedagogika kafedrasi kunduzgi bo‘lim aspiranturasida tahsil olgan. 1996 yildan boshlab “Pedagogika” kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilindi.
“M. Behbudiyning ma’rifiy pedagogik qarashlari va ma’rifiy - amaliy faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2001 yildan kafedrada dotsent vazifasini bajaruvchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda. Ahrorova Zebuniso Bahromovna tomonidan 120 dan ortiq ilmiy maqolalar va 4 ta o‘quv - uslubiy ishlar chop etilgan. Hozirda “Jadid pedagogikasining zamonaviy didaktik talqini” mavzusida doktorlik ishi ustida izlanish olib bormoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, Ahrorova Zebuniso Bahramovnaning ma’ruzalari yangi pedagogik texnologiyalarga asoslanganligi bilan ajralib turadi. U universitetda ishlash jarayonida mustaqil O‘zbekiston pedagogikasining muhim va dolzarb masalalarini mustaqil tadqiq qilishga layoqatli olima, fidoyi ustoz, tashabbuskor, g‘ayratli inson sifatida tanildi. Uning ma’naviy qiyofasini va tafakkur tarzini zamon talablari darajasida shakllangan, ijtimoiy - siyosiy ongi yuqori deb baholaydilar.
Zebuniso har bir ishga mas’uliyat bilan yondoshadi, nafaqat talabalarga, o‘ziga ham juda talabchan, kitob o‘qishni, yangiliklarni o‘rganishni yaxshi ko‘radi. Jamiyatdagi munosib o‘rni, shunga yarasha hurmat - e’tibori bilan birga oilada ham sarishta va oqila beka, ikki farzandning mehribon onasidir.