Abdulxay Akbarovich Akbarov 1938 yilning 3 yanvarida Namangan viloyati Kosonsoy tumani Qo‘qimboy qishlog‘ida kolxozchi oilasida tug‘ilgan. Shu qishloqdagi Mayakovskiy nomli 22 - o‘rta maktabda o‘qigan.
1957 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetiga o‘qishga kirib, 1962 yili “muhandis – mexanik” mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1962 - 1966 yillarda “Qo‘qimboy” davlat xo‘jaligida texnika hisobchisi, texnik normalovchi, muhandis - nazoratchi, keyinchalik qishloq xo‘jaligi mashinalari bo‘yicha muhandis lavozimlarida ishlagan.
1966 - 1969 yillar davomida O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy - tadqiqot institutida aspirant, 1969 - 1973 yillarda mazkur institutda ilmiy tadqiqotchi bo‘lib ishlagan.
1973 yili “O‘rta Osiyo cho‘l sharoiti uchun traktor turini asoslash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishgan. 1973 - 1974 yillar davomida yana “Qo‘qimboy” davlat xo‘jaligida bosh muhandis lavozimida ishlagan.
A. Akbarov 1974 - 1977 yillar davomida Namangan viloyat qo‘mitasi qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi va viloyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. 1977 yildan boshlab Namangan davlat pedagogika instituti (hozirgi NamDU) umumtexnika fanlari kafedrasi mudirligi lavozimiga tanlov asosida o‘tgan.
1979 yil Toshkent politexnika institutining Namangan filialini tashkil etish haqida qaror qabul qilinib, u mazkur filialning shakllanishida faol ishtirok etgan. Shu yildan boshlab A. A. Akbarov umumtexnika fanlari, qurilish mashinalari, dvigatellar, ziroat muhandisligi kabi kafedralarga mudir, muhandislik - pedagogika fakultetiga dekan lavozimlarida ishlagan va agromuhandislik hamda transport fakultetlari mutaxassisliklariga asos solgan. Hozirgi kunda ziroat muhandisligi kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoda.
A. A. Akbarov ilmiy pedagogik faoliyati davomida 150 dan ortiq maqola va ilmiy - uslubiy risolalar hamda 2 ta o‘quv qo‘llanmasi va “Qurilish uchun yangi texnika” nomli monografiya yaratgan. Uning maslahati va rahbarligida 5 ta nomzodlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyalari yoqlangan. Samarali mehnatlari uchun unga 1998 yili institut ilmiy kengashi tomonidan “Xizmat ko‘rsatgan dotsent” unvoni berilgan.