
Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti dotsenti Akbarova Marg‘uba Hamidovna yoshligidan ko‘pgina o‘quvchilar uchun murakkab bo‘lgan, jiddiy fan xisoblangan matematikaga juda qiziqdi, hatto uning bu qiziqishini ko‘rgan ota-onasi uni Respublika yosh matematik va fiziklar maktabining matematika yo‘nalishida o‘qishini davom ettirish uchun berishdi. Maktabni a’lo baholarga bitirgan Marguba Akbarova ToshDU (Hozirgi O‘zMU)ning matematika fakultetiga hujjatlarini topshirdi va talaba bo‘ldi. Universitetning “Differentsial tenglamalar” kafedrasida maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirib, 1986 yilda imtiyozli diplom bilan tugatdi va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi institutiga yo‘llanma bilan stajyor- tadqiqotchi sifatida ishga qabul qilindi. Marg‘uba Akbarova ushbu institut qoshida aspiranturada o‘qidi va keyinchalik kichik ilmiy xodim lavozimida ilmiy tadqiqotlarini davom ettirdi. 1995 yilda O‘zFA akademigi, fizika - matematika fanlari doktori, professor T.D.Jo‘rayev va fizika - matematika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim S.S.Isamuhamedov rahbarligida “Nelokalniye krayeviye zadachi dlya parabolicheskix uravneniy smeshannogo tipa” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1997-2006 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Informatika” yo‘nalishi bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomli O‘zMU qoshidagi Oliy pedagogika institutida qayta tayyorlov kursini tugatish bilan birga Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Axborot texnologiyalari dasturiy ta’minoti” kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida pedagogik faoliyatini davom ettirdi. 2013 yildan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Tizimli va amaliy dasturlashtirish” kafedrasida katta o‘qituvchi, 2014 yildan dotsent lavozimida ishlab kelmoqda. 2014 yil TATU huzuridagi PKQYe va UMO tarmoq markazida tajriba oshirdi.
Dotsent Akbarova Marg‘uba Hamidovna Respublika va xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy konferentsiyalarda muntazam qatnashadi. U aralash parabolik turdagi matematik fizika tenglamalari uchun to‘g‘ri to‘rtburchak sohada integral ko‘rinishdagi chegaraviy masalalarni o‘rgandi, hamda bunday masalalar yechimining mavjudlik va yagonalik shartlarini aniqladi, maksimum printsipini isbot qildi. Hozirda Respublikamizda integral ko‘rinishdagi chegaraviy masalalar boshqa aralash tipdagi matematik fizika tenglamalari uchun ko‘pgina tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda.
Olima 40 tadan ortiq ilmiy va ilmiy - uslubiy maqolalar, tezislar muallifi. U ham mualliflikda "Matematik fizikadan masalalar to‘plami” o‘quv qo‘llanma (2002y.), “Internet texnologiyasi asoslari” uslubiy ko‘rsatma (2012y.), “Amaliy matematik dasturlar paketi” fanidan tajriba ishlarini bajarish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma (2002y.), “MATLAB TIZIMI ASOSLARI” o‘quv qo‘llanma (2014y.t), “Metodogicheskie posobie dlya viypolneniya laboratorniyx rabot po predmetu” “Programmniy paket prikladnoy matematiki” uslubiy ko‘rsatma (2015y.), “Axborot xavfsizligi va uni ta’minlash usullari” ilmiy-uslubiy ko‘rsatma (2015.) chop etgan.
Marg‘uba Akbarova TATUdagi ish faoliyati davrida “Amaliy matematik dasturlar paketi”, “Amallar tadqiqi asoslari”, “Matematik modellashtirish” va hozirda “Dasturiy injiniringga kirish”, “Ma’lumot tuzilmasi” fanlaridan ma’ruza, amaliyot va laboratoriya darslarini talab darajasida axborot - kommunikatsiya texnologiyalari va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda olib bormoqda. U yoshlarni ilmiy - tadqiqot ishlariga jalb etishga alohida e’tibor qaratadi. U talablarning bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlikni amalga oshirib, iqtidorli talabalar bilan birgalikda axborot texnologiyalarini tatbiqi, jumladan ta’lim sohasidagi o‘rni va ahamiyatini yoritishga qaratilgan maqolalar tayyorlab, ilmiy anjumanlarda ularning faol qatnashishlariga erishmoqda. Marg‘uba Hamidovna “Dasturiy injiniring fakulteti” XQK raisi, TATU XQK kotibi sifatida faoliyat olib borib, TATUning tashkiliy - uslubiy va ma’naviy - ma’rifiy ishlarida faol qatnashib kelmoqda.
Marg‘ubaxon oilali, 3 ta farzandi bor.