Alimova Muattar Muhrimovna, 1935 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Matematika fanlari nomzodi, dotsent. Muattarxonning bolaligi ayni og‘ir damlarga – ikkinchi jahon urushi davriga to‘g‘ri keldi. Urush davri bolalari qatori Muattar opa ham tinchlikning, xotirjamlikning qadrini chuqur anglab, voyaga yetdi.Ularning bolaligi shodlik ko‘rmadi. Balki shuning uchun ham ular astoydil o‘qishga , tinchlikni , farovonlikni, taraqqiyotni taminlovchilar safida bo‘lishga intilishgandir. “Bolam , hali shunday tinch baxtiyor kunlar keladi va sen bugun tanimagan shodliklaring , sho‘xliklaring , quvonchlaringni o‘shanda topasan, baxtga chulg‘anib yashaysan. Sirayam o‘ksinma”, faqat yaxshi o‘qi, mehnatdan qo‘rqma derdi onasi har kungi urush xabarlarini tinglab, qora ko‘zlari mayus tortgan qizini bag‘riga bosib Ona o‘gitiga amal qilgan Muattar maktabni kumush medalga tugatib , 1953 yilda SAGU ( hozirgi Milliy universitet) ning fizika matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni bitirgach FA ning matematika institutiga ishga kirdi. 1961 yilda Fanlar Akademiyasining aspiranturasida tahsil oldi. Aspiranturada olgan bilimlarini esa Politexnika institutida talabalarga dars berish jarayonida mustahkamlab bordi. Ana shu davrdan boshlab uning hayoti shu istitut bilan chambarchas bog‘landi. 1970 yildan buyon shu institut (endilikda Texnika universiteti) ning Oliy matematika kafedrasi dotsenti. Darvoqe u bungacha 1969 yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaqqaqiyatli yoqladi. Fan uchun hali anchagina yangilik “Yarim saydon va martingallar” mavzuidagi bu ilmiy ish hamkasblar orasida ancha shov - shuv bo‘ldi. Yosh olima o‘z tadqiqotlari bilan VII Butunittifoq konfrensiyasida qatnashib, mutaxassislar etirofiga sazovor bo‘ldi. Tajribali, bilimdon mehribon ustoz sifatida talabalar mehrini qozondi.
Uning 120 dan ortiq ilmiy metodik qo‘llanmalari shogirdlari uchun dasturilamalga aylandi. Uzoq yillar Energetika fakulteti ilmiy kengashi azosi sifatida faoliyat yuritgan Muattar Muhrimovna 1996 yilda Toshkent Davlat Texnika universiteti “Xizmat ko‘rsatgan” dotsenti unvoniga sazovar bo‘ldi.
Albatta murakkab matematika fanida bunday ulkan yutuqlarga erishishda, kutubxonalarda uzoq qolib, izlanishlariga sharoit yaratib bergan turmush o‘rtog‘i Akbar Alimovning mehnatlari, xizmati katta bo‘ldi. Akbar aka ToshMIning bolalar klinikasini boshqargani uchunmi bolalarni juda yaxshi ko‘rardi. Anvar, Akrom, Gulnoralarni aqlli, ziyoli bo‘lib voyaga yetishlarida Muattarxon bilan yelkadosh bo‘ldi. Er - xotin bir - biriga hamkor, hamfikr, do‘st bo‘lgan bu oilaga hammaning havasi kelardi.
Salkam chorak asrlik umr yillarida Muattarxon bilan Akbar akalar xuddi kechagina to‘yi bo‘lgan kelin kuyovlardek ahil, bir - birlariga mehr ko‘rsatib yashashadi. Ana shu ibrat endi farzandlari oilasida davom etyapti.
Muattar opa bugun xalq xo‘jaligimiz, tibbiyotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan ikki o‘g‘il, bir qizning onasi, bir etak ajoyib nabiralarning suyukli buvijonisi. U hovlisini bag‘rini to‘ldirib quvonib, yugurib yurgan nabiralariga qarab turib rahmatli onasining “sen hali baxtga burkanib yashaysan” degan duolarini yodga oladi. Ha men baxtliman, deb asta pichirlarkan Allohga shukrona aytdi. Yurtimizga, tinchligimizga ko‘z tegmasin , - deb duo qiladi.