Zebo Hamidullayevna 1960 yil 26 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan, oilali, ikki farzandning onasi. Zeboxon 1977 yil Toshkent shahridagi 73 - o‘rta maktabni tugatib, Toshkent Avtomobil - yo‘llar instituti avtomobil transporti fakultetiga o‘qishga kirdi. Uni 1982 yilda muhandis - mexanik mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatdi. Shu yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutiga muhandis lavozimiga qabul qilindi, 1987—1990 yillar davomida shu institutning “Paxtachilik mashinalarining dinamikasi va ishonchliligi” laboratoriyasi qoshidagi aspiranturada o‘qidi.
1993 — 1999 yilga qadar Toshkent Avtomobil - yo‘llar institutida dotsent lavozimida, 1999 yildan Avtomobil transporti fakulteti dekan muovini vazifasida ishlab kelmoqda.
Zebo Hamidullayevna uzoq yillar davomida paxtachilik mashinalari sohasida “Paxta terish mashinalari pnevmo - yuritmasida paxta harakati dinamikasi” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi. Bu izlanishlar ichida, jumladan, paxtachilik mashinalarining pnevmotizimlarida paxta bilan havo aralashmasi to‘lqinli harakatining mexanik - mate matik modelini ishlab chiqdi.
1999 yilda O‘zbekiston FA qoshidagi ixtisoslashgan kengashda o‘zining nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. Izlanishlar natijalari 16 ta ihtiroda va 30 ta ilmiy ishlarda o‘z aksini topgan. U o‘zining bir qancha ilmiy maqolalari bilan jahon va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda qatnashdi.
Hozirgi kunda Zebo Alimova ilmiy - tadqiqot ishlarini o‘zining pedagogik faoliyati bilan birga qo‘shib olib bormoqda.
Respublikamizda yangi sohalardan biri bo‘lgan avtomobilsozlik sohasida avtomobillarning yuragi hisoblangan dvigatellarda yonish jarayonining borishini o‘rganish ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Avtomobillarning uzoq vaqt qoniqarli ishlashi, ularning ish qobiliyati va texnik holati ko‘p jihatdan ularda ishlatiladigan yonilg‘i va moylarning xossalariga, shuningdek, ulardan oqilona foydalanishga bog‘liqdir. Shu bois olima “Transport vositalarida ishlatiladigan materiallar” fanidan o‘zbek tilida ma’ruzalar matnini tayyorladi. 2002 yilda Oliy o‘quv yurtlari aro o‘tkazilgan eng yaxshi ma’ruza respublika tanlovida ishtirok etdi. Natija yaxshi bo‘ldi. Ma’ruzalar kitob holiga keltirilib, OO‘Yu uchun o‘quv - qo‘llanma sifatida nashrga tavsiya etildi.
Sohangiz sizdan bundan - da ortiq kashfiyotlar kutadi, Zeboxon.