Aslida odam bolasiga Yaratgan tarafidan cheksiz kuch quvvat , juda katta imkoniyatlar ato etildi. Lekin har kim ham o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘la foydalanmaydi. Goh ruhiy, goh jismoniy dangasalik oqibatida vaqtini, yana o‘ziga shon - shuhrat keltirishi mumkin bo‘lgan ko‘p narsalarni boy berib qo‘yadilar.
Huzur - halovatdan kechib intilganlar, harakat qilganlar esa hayotda insonga atalgan tengsiz ne’matlardan bahramand bo‘ladilar.
Samarqand davlat universiteti “Milliy g‘oya va falsafa” kafedrasining dotsenti, falsafa fanlari nomzodi Marhabo Allayarova ana shunday kasb mashaqqatlari, ilm mashaqqatlarini iroda bilan yengib, hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan olimadir.
U 1972 yilda Samarqand shahrida ziyoli oilada tavallud topdi. Otasi Mavlon Allayarov filosof olim, uzoq yillar Samarqand davlat universitetida samarali faoliyat olib borgan. Onasi esa shahardagi 20 - o‘rta maktabda 35 yil mobaynida o‘qituvchilik qilgan. Marhaboga ota - onasidan ilmga muhabbat meros bo‘lib o‘tdi.
U 1989 - 1994 yillarda Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qidi va imtiyozli tugatdi. Hayotdagi voqea - hodisalarni chuqurroq anglash, qonuniyatlarga izoh topish kabi katta maqsadlar Marhaboni ilmiy izlanishlarini davom ettirishga undadi. U SamDU aspirantura bo‘limida “Ijtimoiy falsafa” yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotchi sifatida o‘qidi. Ayni paytda nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishladi.
1999 yil, ya’ni 27 yoshida “O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlashda shaxs badiiy ijodini shakllantirishning ob’ektiv va sub’ektiv omillari dialektikasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Nomzodlik unvoniga erishish olim uchun yangi ishlarning, yangi izlanishlarning boshlanish nuqtasidir, deydi Marhabo Allayarova. U o‘zi amaliy hayotda aytganlariga yuz foiz amal qiladi.
Marhabo Mavlonovnaning 70 ga yaqin turli hajmdagi ilmiy maqolalari, 5 ta uslubiy qo‘llanmasi chop etilgan.
“Estetika”, “Mantiq fanidan amaliy mashg‘ulotlar” kabi qo‘llanmalaridan talabalar keng ko‘lamda foydalanmoqdalar.
Uni SamDU talabalari yangilikka intiluvchan, zamonaviy texnika vositalari, yangicha o‘qitish uslublarini darslarga dadillik bilan tatbiq qilayotgan pedagog sifatida juda hurmat qilishadi.
Marhabo Mavlonovna shu kunlarda “O‘zbekistonda tsivilizatsiyaviy jamiyat qurilishining ijtimoiy - falsafiy muammolari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Mohir pedagogning izlanish samaralari u o‘qiyotgan darslarda namoyon bo‘ladi.
U falsafa, ma’naviyat asoslari, milliy g‘oya, ma’naviyatning estetik asoslari kabi mavzularda yoshlarga saboq berib, ularning tafakkurini g‘oyaviy jihatdan to‘g‘ri yo‘naltirish ishiga hissa qo‘shmoqda.
Marhabo Mavlonovna viloyatdagi “Sog‘lom avlod” tashkilotining mas’ul rahbari sifatida gardaniga olgan vazifani ham vijdonan ado etadi.
Istiqlol yillarida universitet, institut - barcha o‘quv maskanlari yoshlarga fakat kaskor o‘rgatibgina kolmay, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni fuqaro sifatida shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Marhabo Mavlonovna bu jarayonda qizg‘in ishtirok etib, ma’rifiy tadbirlarga bosh - qosh bo‘ladi. Bundan tashqari, mahallalarda aholining ijtimoiy - siyosiy ongini oshirish yuzasidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda, ayniqsa, o‘quv mashg‘ulotlarining faol ishtirokchisi.
Talabalar yurish - turishidan, kiyinishidan, oilasiga havas qilib, o‘ziga ibratli ustoz sanaydigan pedagoglar bo‘ladi. Marhabo Allayarova ham ana shunday shogirdlariga ibrat bo‘lib yashab kelayotgan ustozlar sirasiga kiradi.