Altibayeva Sayyora Shamilovna tanlagan kasbiga sadoqatli, izlanuvchan olimalarimizdan. U 1946 yil 9 fevralda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tavallud topdi. 1963 yilda o‘rta maktabni imtiyozli tamomlab, Toshkent Davlat Meditsina institutiga o‘qishga kirdi. Uni ham muvaffaqiyatli tugatib, ikki yilcha O‘rta Osiyo Pediatriya Tibbiyot oliygoxi Gospital pediatriya kafedrasida klinik ordinaturani o‘tdi. 1974 — 75 yillarda shu oliygoh internatura bo‘limi dekani lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1975 yildan boshlab pediatriya kafedralarida assistent, 1985 yildan esa bolalar kasalliklari kafedrasida dotsentlik lavozimlarida ishladi.
1987 yilda Sayyora Altibayeva 2 - poliklinika pediatriya kafedrasini tashkil qilib, boshqardi. Keyinchalik bu kafedra 5 - bolalar kasalliklari kafedrasi sifatida o‘zgartirildi. 1997 yilda ushbu kafedra Sharq tabobati, fizioterapiya va DFK kafedrasi nomini oldi va Sayyora Shamilovna uni 2001 yilgacha boshqardi. 2001 yildan to shu kungacha poliklinikada pediatriya va reabilitologiya kafedrasi professoridir.
S. Sh. Altibayevaning 74 dan ortiq ilmiy ishlari nashr qilingan, ulardan 12 tasi uslubiy tavsiyanomalardir.
S. Sh. Altibayeva ishchan, tartib - intizomli, yuqori malakali ustoz, murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsatdi. U chuqur mazmunli ma’ruzalar o‘qiydi, o‘zbek va rus tillarida amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Talabalar va o‘qituvchilar uchun o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar yozishda va testlar tuzishda faol ishtirok etadi.
1983 yilda Moskva shahrida pediatriya mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini, 1988 yilda esa pediatriya va pulmonologiya bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasiii himoya qilgan.
S. Sh. Altibayeva 16 yildan beri O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligining bosh mutaxassisi xisoblanadi. Uning tavsiyanomasi asosida chiqarilgan buyruqlar bilan Respublika poliklinik pediatrik xizmatlari ishlaydi. Sayyora Shamilovna Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti aprobatsion kengashi raisi, xamkasblari va talabalar orasida katta hurmatga sazovor bo‘lgan insondir.