Aminova Rahima Hojiyevna (1925.18.11, Qo‘qon) - tarixchi olima, O‘zbekiston FA akademigi (2000), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1985), tarix fanlari doktori (1963), professor (1968). O‘rta Osiyo Davlat universitetining sharq fakultetini bitirgan (1948). O‘zbekiston FA Tarix va arxeologiya institutida ilmiy xodim (1953-57), bo‘lim mudiri (1957-93), yetakchi ilmiy xodimi (1993 yildan). Ilmiy ishlari O‘zbekistonda sanoat ishchilari tarixi, agrar masala, xotin-qizlar harakati va boshqa mavzularga bag‘ishlangan. O‘zbekiston xotin-qizlari orasida jamoat ishlari olib borgan. Aminova 13-Xalqaro tarix fanlari kongressida (Moskva, 1970), 14-Xalqaro tarix fanlari kongressida (San-Fransisko, 1975), 9-Jahon sotsiologlari kongressida (Upsala shahri, Shvetsiya 1978), 10-Jahon sotsiologlari kongressida (Mexiko, 1982), 16-Xalqaro tarix fanlari kongressida (Shtutgard shahri, 1985), AQShda bo‘lib o‘tgan Xalqaro tarixchilar ilmiy konferensiyasida (1986), shuningdek Efiopiya, Jazoir, Bolgariya va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro simpozium va konferensiyalarda ilmiy ma’ruzalar qilgan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968).