Tibbiyot fanlari doktori, professor
Qahramonimiz Shavkat Ergashevich Amonov 1963 - yilning 30 - yanvarida Buxoro viloyati Jondor tumanida ziyoli oilada tavallud topdi. Farzandlari (Sharofiddin, Shohiddin, Shuhrat, Shokir, Dilfuza, Tursunoy) ning to’ng‘ichi, Shavkat kichkinaligidan ziyrak va serg‘ayrat bo‘lgani sababli 6 yoshida (avval K. D. Ushinskiy, keyin N. Rajabov nomidagi) maktabga bordi. Otasi Ergash aka ko‘ngilchang bo‘lgani uchun bolalar tarbiyasini talabchan va adolatli onasi Matluba opa (adabiyot o‘qituvchisi) nazorat qilardi. O‘smir Joyzar qishlog‘ida yagona shifokor bo‘lgan Xolmurod tog‘asiga havas bilan qarar, bir kun kelib o‘zi ham shifokor bo‘lib, bemorlarni davolashni orzu qilardi. U maktabni a’lo baholarga tugatdi - yu, sehrli orzular og‘ushida Toshkentdagi Pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Shavkat buyuk olimlarning ma’ruzalarini jon qulog‘i bilan tinglar, tibbiyotning keng olami g‘aroyibotlari bilan namoyon bo‘lgani sayin yana - yana ko‘proq bilgisi kelardi. Ustozlarining ta’limlari uning uchun bebaho maktab bo‘ldi. Shavkat Amonov faol talaba, guruh boshlig‘i (starosta), fakultet dekani yordamchisi, Lenin stipendianti bo‘lib, 1986 yili oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1986 - 1987 yil Samarqand davlat tibbiyot institutining 1 - klinik shifoxonasida LOR kasalliklari bo‘yicha internaturada tahsil oldi. Ustozi, professor V. A. Gorchakov rahbarligida otorinolarin¬gologiya sirlarini o‘rgana boshladi. Shoshilinch va rejali jarrohlik amaliyotlarida qatnashdi, 1987 - 1989 yil Jondor tumanida LOR shifokori bo‘lib ishladi. Ustozlaridek olim bo‘lishni havas qilib, ToshPTI aspiranturasida tahsil oldi. Ustozlari prof. S. A. Hasanov va akademik T. O. Daminovlar rahbarligida 1992 yili “Bolalardagi surunkali virusli gepatitda surunkali tonzillit” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Shifokordagi shasht uni navbatdagi ilmiy ishiga turtki bo‘ldi. 2000 - yilda “Bolalardagi surunkali yiringli o‘rta otitlarni jarrohlik usuli bilan davolashning samaradorligini oshirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Xa, “Biliming bo‘lsayu, unvoning bo‘lmasa - bu sening nochorliging, unvoning bo‘lsayu, biliming bo‘lmasa- bu sening nodonliging” degan ibora Shavkat Amonovni doim sergaklantirib turadi. U ilmni ham, amaliyotni ham bab - baravar qo‘yadi. Sh.Amonov Yevropaning yetakchi davlatlari klinikalarida, Ukraina va Rossiya mamlakatlarida malaka oshirishlarda bo‘lganida ham ko‘ngli tubidagi istakni olovlantirib ishladi, malakasini oshirdi. Shavkat Amonov ukrainalik professor Yu. A. Sushko va akademik, o‘zbek olimasi F.I.Inoyatovaning kasbiy va hayotiy o‘gitlari katta tarbiya maktabi bo‘lganini faxr bilan e’tirof etadi. Amonov dastlab, ToshPTI LOR kafedrasi dotsenti, 2001 - yildan professor, 2010 - yildan esa kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritib, bir kun o‘zi ustozlik darajasiga yetib kelgan salohiuatli olimdir. Hozirgi kunda 1ta darslik, 30 ga yaqin uslubiy qo‘llanma, monogra¬fiya, 9 ta patent, 300 dan ortiq ilmiy risolalar chop etgan. Uning rahbarligida 2ta fan doktori, 3 ta fan nomzodi yetishib chiqqan. Butun dunyoda, shuningdek, O‘zbekistonda ham eshitish buzilishlari va karlik kasalligi dolzarb ijtimoiy - tibbiy muammo hisoblanadi. Kar - soqovlarga yordam berish, ularni jarrohlik yo‘li- “koxlear implantatsiya” murakkab operatsiyasi bilan davolash uchun ancha - muncha ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Buning natijasida respublikada “Eshi¬tish zaifligini va karlikni reabilitatsiyasida o‘zbek modeli” (aka¬demik F. I. Inoyatova, prof. D. I. Ahmedovalar bilan hamkorlikda) yaratildi va Davlat mukofotiga munosib ko‘rildi.
Olimning shaxsiy hayotda ham baxti chopgan. Rafiqasi Jumagul opa (iqtisodchi) bilan farzandlari: Aminjon (otorinolaringo¬log, olim), Shohidaxon (Milliy TRKda iqtisodchi), Maftunaxon (tibbiyot institutining 5 kurs talabasi) larni tarbiyalab kamolga yetkazishdi. Nabiralari: Azizbek, Abrorbek, Asadbek, Shahinaxon, Anisaxonlar esa ularning eng katta boyligi ekanligiga shukrona keltirishadi.