Ahmedova Muboraxon Jalilovna, 15 oktyabr 1947 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi yuqumli - tropik kassaliklar kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidimalogiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy - tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Muboraxon Andijondagi 30 - maktabni tugatgach, bir olam orzu va niyatlar bilan poytaxtga yo‘l oldi. Toshkent Meditsina instituti sanitariya - gigiyena fakultetiga hujjat topshirgan Muboraxon kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talaba degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Qizim, tibbiyot institutida o‘qish oson emas. Buning uchun o‘zingni faqat ilmga bag‘ishlashing kerak bo‘ladi. Chunki sen eng oliy ne’mat - inson salomatligi posboniga aylanasan. O‘qituvchi, muhandis, xato qilsa undan xulosa chiqarib, uni tuzata oladi. Shifokorning esa xato qilishga mutlaqo haqqi yo‘q. Negaki insonga umr bir marta beriladi, shu sinovlarga chidayman, desang, hujjjatlaringni tibbiyot institutiga topshir, - degandi dadasi uni kuzatayotib.
Institutda o‘qish jarayonida u ana shu o‘gitga amal qildi. Har bir dars, mashg‘ulotlarni astoydil o‘rgandi. Bilmagan, tushunmaganlarini ustozlardan qayta - qayta so‘rashdan uyalmadi. Har bir darsdan so‘ng u maxsus yon daftariga o‘zi uchun yangilik bo‘lgan turli - tuman iboralarning to‘liq mazmunini yozib bordi. O‘qishni tugatganda bunday daftarlar soni o‘ndan oshib ketgan edi. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatgan Muboraxon Toshkent viloyati sanitariya - epidemialogiya stantsiyasining o‘ta xavfli kasalliklar bo‘limiga bakteriolog lavozimiga ishga qabul qilindi. Ish jarayonida bu kasalliklarning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini sinchiklab o‘rgandi. Ularni bartaraf qilishning o‘ziga xos yo‘llarini topishga intildi. Muboraxondagi intilish, ilmiy izlanishga moyilligini sezgan ustozlari uni epidemialogiya, mikrobiolgiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutiga kichik ilmiy xodimlikka chaqirishdi. Yosh mutaxassis bu yerda o‘n yil mehnat qildi. 1983 yildan esa katta ilmiy xodim bo‘ldi. 1982 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot institutiga yuqumli tropik kasalliklar kafedrasining assistenti lavozimiga ishga qabul qilindi. 1991 yildan shu bugunga qadar mazkur kafedrani boshqarayotgan M.Ahmedova ilmiy izlanishni davom ettirdi.
Talabalarga dars berish jarayonida ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar ham yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu orada Muboraxon Jalilovna o‘z sohasining bilimdoni, tajribali va malakali mutaxassisi sifatida olis qishloq va ovullarga ham borib mahalliy sog‘liqni saqlash tashkilotlariga davolash konsultativ va tashkiliy masalalarda amaliy yordam ko‘rsatdi. O‘zi uchun ham tibbiyotning sirli jumboqlarini yechuvchi bir maktab edi bu xizmat safarlari. Ana shu tajribalar, izlanishlar samarasi o‘laroq 1994 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqladi, bir yil o‘tib professor ilmiy unvoniga sazovar bo‘lgach, epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti qoshidagi ixtisoslashgan kengash raisi hamda EMYUKITI direktori lavozimlarida ishlay boshladi. Uning rahbarligida EMYUKITI da, klinikada va Toshkent tibbiyot akademiyasining yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasida ma’muriy, davolash va ilmiy laboratoriyalar, o‘quv binolari mukammal ta’mirlandi. Laboratoriyalarning ilmiy salohiyati oshdi , EMYUKITI va kafedraning moddiy texnika bazasi yaxshilanmoqda.
Tinib - tinchimas olima respublika bo‘yicha yuqumli va parazitar kasalliklar tashxisi , davolash va oldini olishida metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tez - tez xizmat safarida bo‘ladi.
M.Axmedovaning bevosita tashabussi va ishtirokida EMYUKITI da respublika sanitariya, epidemiologiya nazorati markazlari bosh vrachlari va viloyatlar sog‘liqni saqlash tizimi birlamchi tibbiy sanitariya bo‘limi amaliy shifokorlarning malakasini oshirish xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Klinikaning og‘ir bemorlar davolanadigan jonlantirish va boshqa bo‘limlari shifokorlari o‘z sohasining yetuk allomasiga aylangan Mubora Jalilovnaning to‘g‘ri ko‘rsatma va maslahatlari tufayli ko‘plab insonlarni hayotga qaytarishga muvaffaq bo‘lishmoqda.
Professor M.Axmedova o‘zining ilmiy izlanishlarida ichak infektsiyalari, virusli kasalliklar, parazitar kasalliklarning patonegizi, klinikasi, davolash va oldini olish to‘g‘risidagi masalalarga alohida e’tibor qaratgan.
Uning rahbarligida EMYUKITI qoshida O‘zbekistonda keng tarqalgan yuqumli kasalliklar va parazitar kasalliklarning klinikasi, tashxisi, davolash va oldini olishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 7 ta granti bajarilmoqda.
Farmakalogik qo‘mita ko‘rsatmasiga asosan professor M.Axmedova rahbarligida klinikada yuqumli va parazitar kasalliklarni davolashda yangi dori vositalarini qo‘llashning klinik usullari o‘tkaziladi.
Mubora Jalilovna yoshlarga murabbiylik qilish, o‘z bilim va tajribalarini shogirdlariga o‘rgatishdan charchamaydi. Talabalarga qator yuqumli kasalliklar, ularni oqibati va bartaraf etish yo‘llari haqida qiziqarli ma’ruzalar o‘qiydi. Talabalarni ilmiy izlanishga jalb qiladi. Bevosita olima rahbarligi ostida 2 ta doktorlik, 22 ta nomzodlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilmoqda.
Professor Mubora Axmedova 2 ta o‘quv adabiyoti, 4 ta monografiya, 30 dan ortiq o‘quv - uslubiy qo‘llanmalari, 300 dan ortiq ilmiy ishlar muallifidir. Oilali uchta farzandi bor.