Xosiyat Mamatovna Axmedova 1938 yilning 17 iyun kuni Samarqand shaxrida tug‘ilgan. I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni nishondori. Namangan Pedagogika kolleji direktori. U 1965 yilda Farg‘ona Davlat Pedagogika institutiniig kimyo - biologiya fakultetini tamomlagan.
O‘qituvchilik qilgan, mas’ul lavozimlarda ishlagan. 1977 yilda Moskva Ijtimoiy Fanlar Akademiyasida o‘qishni tugatib, nomzodlik dissertatsiyani himoya qildi. Endi Xosiyatxon tarix fanlari nomzodi. Qilgan ishi, bosgan izi, intiluvchanligi shunga yarasha bo‘lmog‘i kerak. U katta hayot oqimiga irmoq bo‘lib qo‘shildi. Nozik va notinch yuragi osmon sari qo‘l cho‘zdi. Osmon sari deganimiz — u qaerda ishlamasin to‘lib - toshib ishladi, o‘zi uchun ham, atrofidagilar uchun ham yangi parvozlar yaratdi. Bu parvozlar Namangan Davlat Pedagogika institutida katta o‘qituvchi, Namangan Industrial texnikumida direktor bo‘lib ishlagan kezlarida shakllandi va qanot yozdi. Ayniqsa, bu parvoz 1994 yilda Namangan Pedagogika bilim yurtiga direktor etib tayinlangach, yana sayqallandi.
Xosiyatxon Ahmedova ta’lim talablariga to‘la mos tushadigan zahmatkash tashkilotchiga aylandi. U rahbar bo‘lib kelgan birinchi kunlardanoq o‘ziga aniq rejalar tuzdi. O‘qish - o‘qitish ishini yaxshilash tadbirlarini ishlab chiqdi. O‘quv yurtidagi har bir pedagog ishiga jiddiy yondoshdi. Ularga o‘rgatdi. Atrofiga ilmli, tajribali muallimlarni to‘pladi. Har bir muammoni kengashib hal etdi. Qisqa vaqt ichida bilim yurtining moddiy - texnika bazasini mustahkamladi. Fan xonalari zamon talablari asosida boyitildi. Qadrlar masalasiga jiddiy e’tibor berib, sakson besh foiz o‘qituvchilarning oliy va birinchi toifali bo‘lishiga erishildi.
Xosiyatxon Ahmedovani izlanuvchan va iqtidorli o‘qituvchilar befarq qoldirmadi. Ularga o‘z maslahatlarini berdi. Ilmiy ishlar qilishga jalb etdi. Moddiy va ma’naviy ko‘mak berdi. Qilingan mehnat o‘z mevasini ko‘rsatdi. Shogirdlari orasida fan nomzodlari safi ko‘paydi.
Qeyingi yillarda o‘quv yurtida o‘quvchilar soni uch barobar ortdi. O‘quv yurti yangi sohalar — musiqa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassisliklari hisobiga kengaydi. Uning qoshida iqtidorli qizlar litseyi tashkil etildi. Unda hamon 7- 11-sinf o‘quvchi qizlari tahsil olmoqdalar.
Bilim yurti 2001 — 2002 o‘quv yilidan kollejga aylantirildi. Shu munosabat bilan yangi mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quvchilar qabul qilindi. O‘quv xonalari yangicha jihozlandi.
Xosiyatxon Ahmedova bilimdon, zukko rahbar xodima. U bilmagan qirra, soha yo‘q. Har bir dars uni befarq qoldirmaydi. Pedagogik muammolarni ilmiy yo‘l bilan hal etadi. Fan o‘qituvchilariga o‘z sohasi bo‘yicha maslahatlarini beradi. Dars sifati uchun kurashadi. Har bir ishga vaqt topadi. U bu yo‘lda izlanadi. Byudjetdan tashqari mablag‘ topish yo‘llarini qidiradi.
O‘quv yurtida ko‘p tarmoqli “Pihol” ishlab chiqarish korxonasi ishlaydi. Mingbuloq tumanida esa, “Gulbog‘” jamoa xo‘jaligidan 30 gektar yer maydoni olinib, unda kichik yordamchi chorvachilik, dehqonchilik, baliqchilik tashkil qilingan. Ulardan har yili 15 million so‘m foyda olinadi. Keltirilgan foyda o‘qituvchi va o‘quvchilarni ijtimoiy himoyalash, kam ta’minlangan o‘quvchilarga yordam uchun sarflanadi. Bilim maskani ota - onasiz qolgan o‘quvchilarni to‘liq o‘z qaramog‘iga olgan...
Shunday insonlar bilan ishlash barchaga nasib etsin.