Ayupov Shavkat Abdullayevich (1952.14.9, Toshkent) - matematik olim, O‘zbekiston FA akademigi (1995), fizika-matematika fanlari doktori (1983), professor (1985). A. T. Lyulovning o‘g‘li. Toshkent davlat universitetining matematika fakultetini tugatgan (1974). ToshDU da o‘qituvchi (1977-1979) va O‘zbekiston FA Matematika institutida katta ilmiy xodim (1979-1988), algebra va analiz bo‘limi mudiri (1986 y.dan), direktor o‘rinbosari (1986-1992), direktor (1992-1997). 1997 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi raisi. Asosiy ilmiy ishlari funksional analiz va uning zamonaviy tarmoqlaridan biri hisoblangan operatorlar algebralari nazariyasiga oid. Ayupov Yordan algebralari sohasida ham nazariy, ham tatbiqiy yo‘nalishda yirik ishlarni amalga oshirdi. Gilbert fazosidagi o‘z-o‘ziga qo‘shma operatorlar Yordan algebrasi tuzilishi va qurilishi bo‘yicha muhim natijalar oldi.