Azimjonova Sabohat (1923 yil, Toshkent) - sharqshunos olima, O‘zbekiston FA akademigi (2000), tarix fanlari doktori (1969). Toshkent pedagogika institutini tamomlagan (1942). O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim (1949), institut direktori (1950-1977), bo‘lim boshlig‘i (1977-1995), yetakchi ilmiy xodim (1995 yildan). Asosiy ilmiy ishlari Boburning Kobul va Hindistondagi faoliyati, O‘rta Osiyo xalqlarining o‘rta asrlarda qo‘shni xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro siyosiy va iqtisodiy munosabatlariga bag‘ishlangan. Asarlari Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Fransiyada chop etilgan. Boburning qizi Gulbadanbegim-ning "Humoyunnoma"sini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, Toshkentda (1959, 1977) va fransuz tilida Parijda, (1996) nashr ettirgan. Bir qator xalqaro ilmiy kongresslarda ilmiy ma’ruzalar qilgan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1989), Javoharla’l Neru xalqaro mukofoti (1993) laureati.