Tibbiyot fanlari doktori, akademik
1937 yil aprel oyida Toza yorm ish qishlog‘ida ziyoli oilasida tavallud topdi.
Otasi Vaisov Bekmat 1927 yildan to umrining oxirlarigacha (1953 y.) turli qishloq maktablarida muallim bo‘lib ishlagan. Onasi Bekmatova To‘xtajon Matyusuf qizi uy bekasi bo‘lib, to‘qqiz nafar farzandni tarbiyalagan.
O‘zi hech qachon ilmini oshirishdan to‘xtamagan, boshqalarni ham doimo shunga chorlab kelgan mashhur o‘qituvchi otasi oxirgi kunlarida uni yoniga chorlab: “O‘g‘lim, o‘qi, o‘qi, o‘qi, kelajak o‘qiganniki. Ilmli bo‘lsang, mol – dunyo ketidan quvib yurmaysan, dunyo – boylik o‘zi seni izlab topadi”, deb vasiyat qiladi.
Ota vasiyatiga amal qilgan Matsafo 1954 yilda o‘z qishlog‘idagi 30 - o‘rta maktabni a’lo baholar bilan bitirgach, Toshkent tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot Akademiyasi) stomatologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1959 yilda institutni bitirib, shu dargohda vrach - stomatolog, aspirant, assistent, dotsent, professor va 1987 yildan hozirga qadar kafedra mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. 1967 Yili Moskva shahrida nomzodlik, 1984 Yili doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.
M.Bekmatovning vrachlik va ilmiy – pedagoglik faoliyati boshlanganiga yarim asrdan oshdi. O‘zining samarali qobiliyatini shifokorlik kasbiga bag‘ishlab, minglab mijozlarga tish davolash va protezlash sohasida stomatologik yordam berib kelyapti. O‘zbekiston Respublikasida birinchilar qatorida byugel, metallokeramika, o‘zaklitishlar, metalloplastmassa kabi zamonaviy tish protezlarini amaliyotga kiritgan va keying yigirma yil mobaynida mijozlarga implantatlar qo‘llab, estetik tish protezlarini tayyorlash bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Professor M.Bekmatovning 1962 yildan to hozirgi kungacha Toshkent Tibbiyot Akademiyasida minglab vrach – stomatologlar yetishtirib chiqarilishida ustoz – domla sifatida salmoqli hissasi bor. U kishini faqat O‘zbekistondagina emas, boshqa davlatlarda ham stomatologiya sohasida xizmat qilayotgan barcha vrachlaru olimlar mohir shifokor, ulug‘ olim, yetuk murabbiy, yaxshi inson sifatida bilishadi hamda chuqur hurmat qilishadi.
Matsafo aka o‘z ilmiy ishlari bilan O‘zbekistonda va chet ellarda yaxshi tanilgan. Uning qalamiga mansub 150 dan ziyod ilmiy maqola, ixtiro, o‘quv – uslubiy qo‘llanma va darsliklar iboshqalarga shu kasbsirlarini o‘rganishda yordam berib keladi. Olim ilmiy rahbarligida 4 ta doktorlik, 6 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan, birqancha ilmiy ishlar tugallanish arafasida.
Kuchli tashkilotchilik qobiliyatiga ega professor M.Bekmatovning bevosita tashabbusi va rahbarligida 1991 yilda O‘zbekiston ilmiy - o‘quv ishlab – chiqarish ortopedik stomatologiya Markazi tashkil qilindi va hozirgi kunda o‘z - o‘zini xo‘jalik asosida moliyalashtirish yo‘sinida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yuzdan ortiq xodima holiga samarali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan bu dargoh Tibbiyot Akademiyasi talabalari, klinik ordinatorlari, aspirant va magistrlari tahsil oladigan baza bo‘libgina qolmasdan, ko‘pchilik stomatolog va tish texniklari kasbiy malakalarini oshiradigan ilmiy – amaliy muassasa hamdir.
Respublika, Tibbiyot Akademiyasi miqyosida ijtimoiy, tashkiliy, amaliy, tarbiyaviy va tadbirkorlik ishlarida qatnashib keladi. 1985 - 1996 yillarda Respublika stomatologlari ilmiy – amaliy jamiyatiga raislik qilgan, hozirda esa, shu jamiyat raisining muovini. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Vrachlarga toifa berish komissiyasi stomatologiya bo‘limining raisi, stomatologiya sohasi bo‘yicha Dissertatsiyalar himoya qilish Ixtisoslashgan Kengashi a’zosidir.
Akademik M.Bekmatov stomatologlar xalqaro jamiyati(FDI) o‘tkazadigan kongresslarning faol ishtirokchisi. 1986 yilda AQShning Los-Anjelos, 1996 yilda Nyu – York, 2000 yilda Portland shaxarlarida, 2003 yilda Avstraliyaning Sidney, 2004 yil Yaponiyaning Nagoya, 2005 Yili Kanadaning Monreal shaharlarida stomatologiya sohasida o‘tkazilgan kongresslarda ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Shuningdek, sobiq Ittifoqning ko‘pgina shaharlarida (Ashxabod, Dushanbe, Bishkek, Olmaota, Kiev, Yerevan, Volgograd, Sankt - Peterburg, Moskva, Tula, Smolensk, Bryansk, Arxangelsk va boshqa) bo‘lib o‘tgan anjumanlarda qatnashgan. Shuning uchun domlaning O‘zbekiston tashqarisida ham kasbdosh do‘stlari juda ko‘p.
Akademik M.Bekmatov serfarzand inson. Uning olti nafar o‘g‘il - qizi, ko‘plab nevaralari bor. Farzandlarining hammasi oily ma’lumotli, uch nafari esa tibbiyot fanlari nomzodi.
Matsafo aka tug‘ilib o‘sgan elida, qarindosh - urug‘lari o‘tkazadigan turli marosimlarda tez - tez qatnashib turadi, ularga rahbarlik qiladi, moddiy va ma’naviy yordam berib turadi. Xorazm vohasidan bo‘lgan barcha yurtdoshlarini hamda kasbdoshlari, yoru birodarlarini uyushtirib, ularning quvonchli va qayg‘uli kunlarida birga bo‘lishni insoniy burchi deb biladi.