Sayyora Bobojonova Xushnutovna Xorazm viloyati Urganch Davlat pedagogika universitetining jismoniy madaniyat fakultetida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi, biologiya fanlari nomzodi.
U 1971 yil 15 aprelda tavallud topdi. 1988 yil shahardagi 7 - o‘rta maktabni “oltin medal” bilan tamomlab, Toshkent Davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1993 yil oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatdi. Ilmga bo‘lgan tashnalik Sayyorani ToshDU qoshidagi aspiranturaga chorladi. Gipometoboliklar ta’sirida hayvonlarning hayotchanligini oshirish mavzusida ilmiy ishga qo‘l urdi. 1993 yil ilmiy izlanishlar bilan birga UrDU biologiya fakultetining “Umumiy biologiya” kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Aspiranturani tugatgach, universitetda yangi ochilgan “Jismoniy madaniyat” fakultetida o‘qituvchi bo‘lib faoliyatini davom ettirdi. Yosh olimaning tinmay qilgan mutolalari natijasida 2002 yil ilmiy ishi muvaffakiyatli yakunlandi. U biologiya fanlari nomzodi bo‘ldi. Bugungi kunda oliygohning katta o‘qituvchisi Sayyora Bobojonova “Xorazm viloyati ekologik sharoitining organizmdagi asosiy fiziologik jarayonlarga ta’siri va kasalliklarning oldini olish” mavzusidagi doktorlik ilmiy ishi ustida izlanmoqda. 20 dan ortiq maqola va tezislari, 2 ta uslubiy qo‘llanmasi nashr qilingan, ko‘plab magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda. Sayyoraning birinchi ustozi - otasi, rus filologiyasi bo‘yicha fan nomzodi, dotsent, professor Xushnud Bobojonovdir. Onasi Dilorom Allayarova 40 yildan buyon maktabda tarih fanidan dars bergan, Sayyora Bobojonova ulardan olgan hayotiy saboqlarini shogirdlariga, 3 nafar farzandiga singdirishga harakat qiladi. U shiringina oilaning bekasi. Ilm ahli o‘rtasida o‘z o‘rniga ega Sayyora Bobojonovaning xayrli ishlariga biz xam muvaffaqiyat tilaymiz.