Mashhur oilada tug‘ilgan, ustiga - ustak xizmat ko‘rsatgan vrachning qizi bo‘lmoq Shoiraxonning zimmasiga katta mas’uliyat yuklagan bo‘lsa ajab emas. Zero, u bu mas’uliyatni juda tez anglagan. Toshkentda tug‘ilib o‘sgan (1952 y.) Shoiraxon Toshkent Davlat Tibbiyot institutida o‘qish davrida xam berilib - berilib o‘qigan. 1975 yilda uni bitirib, institutning terapevtika bo‘limida internaturani o‘tagan. Keyin yangi klinikalarida gematologiya bo‘limlarida ordinator bo‘lib ishlagan. 1980 yilda esa tanlov asosida institut gematologiya kafedrasiga assistentlik vazifasiga o‘tgan.
Yosh olima 1990 yilda Temir yetishmovchiligi anemiyasida ko‘p tuqqan ayollarning yurak - qon tomir tizimi xolatini o‘rganib, shu mavzuda nomzodlik ishini himoya qildi.
Shoira Bobojonova 1992 yildan boshlab gemotologiya va xarbiy terapiyasi kafedrasida dotsentlik lavozimiga o‘tdi. O‘qitish va davolash ishlarini olib borish bilan bir qatorda ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. 2000 yilda Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar namunasida ommaviy nurlanishning uzoq (yillar orasidagi ta’sirini o‘rgandi va ushbu mavzuda doktorlik dissertatsiyasini ximoya qildi.
Hozirgi kunda Shoira A’zamovna o‘zi ishlayotgan kafedraning boshlig‘idir. U birinchi bor Isroil, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan Xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etgan. Ish yuzasidan AQITning Kentuki universiteti, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda bo‘lgan. Uning 70 dai ortiq ilmiy ishlari chop etilgan.
Shoira A’zamovna uch farzandning onasi. Katta o‘g‘li xirurg, qizi okulist, kenja o‘g‘li II Toshkent Davlat Tibbiyot institutining talabasidir. Vrachlar oilasi sardori A.S.Bobojonov esa O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan vrachdir. Biri - biriga ustoz, biri - biriga shogird shu oila a’zolari bo‘lsa ajabmas.