Mustaqil yurtimizda kichik vatan bo‘lgan oilaning osoyishtaligini saqlash, baxtli, farovon hayot qurish ayolga bog‘liq. Buning uchun u ziyrak va tadbirkor bo‘lishi kerak. Negaki, jamiyatning oila atalmish kichik bo‘lagida ertangi kun egalari o‘sib, ulg‘ayadilar.
Iqtisod fanlari nomzodi Jamila Xolmurodovna Bobonazarova aynan ana shunday masalalarni ilmiy jihatdan tadqiq etadi.
Jamila Bobonazarova 1968 yilda Jizzax tumanida tug‘ilgan. Jizzax shahridagi 14 - maktabni a’lo baholarga 1985 yilda bitirib, shu shahardagi 7 - sonli kutubxonada katta kutubxonachi bo‘lib ishlay boshladi.
1991 - 1995 yillarda sirtdan Toshkent davlat universitetini tarix va jamiyatshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha institutida “Ijtimoiy fanlar” kafedrasida kabinet mudiri sifatida faoliyat yurita boshladi. Ishdan ajralmagan holda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirdi. Oliy ta’limdan so‘ng u institutning “Ijtimoiy fanlar”, “Qurilish iqtisodiyoti va boshqaruv”, “Yengil sanoat texnologiyasi”, “Iqtisodiyot asoslari” kafedralarida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri vazifalarida mehnat qildi.
2012 yildan buyon esa “O‘zbekiston tarixi va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiridir.
Istiqlol davrida xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy darajasining o‘sishi bevosita ayollar mehnatiga ham bog‘liqligini o‘zining qator ilmiy tadqiqotlarida bayon etdi.
Uning “Qishloq ayollari ish bilan to‘liq bandmi?”, “Qishloq joylarida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Xotin - qizlarni ijtimoiy hayotdagi o‘rni” kabi maqolalari respublika nashrlarda chop etilgan. Ushbu maqolalarda ko‘tarilgan muammolar ko‘plab tadbirkor ayollarni intilishiga turtki berdi. Tadbirkorlik ayollarning ijtimoiy faolligini oshiradi, uning ma’naviyatini yuksaltiradi. Bu esa bevosita istiqbolimiz farzandlarning kamolotiga ham ma’nan, ham iqtisodiy jihatdan daxldordir.
J.Bobonazarova 1997 - 2001 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti aspiranturasini sirtdan tugatib, 2005 yilda “Qishloq ayollari ishsizligini kamaytirish" mavzusidagi ilmiy ishini himoya qildi.
U talabalarga “Mehnat iqtisodiyoti va ijtimoiy himoyalash”, “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Ta’lim iqtisodiyoti va menejment” fanlaridan dars berish barobarida 50 ga yaqin ilmiy, ilmiy - uslubiy qo‘llanmalari chop etilgan va ulardan amaliyotda foydalanilmoqda.
Jamila Xolmurodovna institut jamoat ishlarida ham faol. O‘quv dargohidagi “Qizlar klubi” raisi sifatida talaba qizlarga ta’lim va tarbiya beribgina qolmasdan, ularni hayotga tayyorlash maqsadida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlar, musobaqalarga ham rahbarlik qiladi.
J.X.Bobonazarova hozirda “Qishloq joylarida ayollar ishsizligini kamaytirishning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlari samaradorligini oshirish” mavzusidagi doktorlik ilmiy ishi ustida ish olib bormoqda.
Uning turmush o‘rtog‘i Bobonazarov Ma’rufjon, o‘g‘li Diyorjon va kelini Madinaxonlardan iborat fayzli oilasi bor.