Sobirjon Rahimjonovich Boydedaev 1970 yil 15 dekabrda Namangan tumani Rovuston qishlog‘ida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1988 yil tumandagi 34 - o‘rta maktabni imtiyozli bitirgach, Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirdi. 1993 yilda universitetni “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1993 — 1996 yillarda Namangan sanoat - texnologiya institutida (hozirgi NamMPI) katta laborant, assistent, stajyor - tadqiqotchi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 1996 — 2000 yillarda Namangan davlat universitetida aspirant, muhandis bo‘lib ishlagan. 2000 yildan esa Namangan muhandislik - pedagogika institutida katta o‘qituvchi lavozimida ishlab kelmoqda. 2003 yili “Yupqa pardalarda reaktiv fototoklar va qizigan rn o‘tish elektr yurituvchi kuchining relaksatsiyasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, fizika - matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.
S.R.Boydedaevning 20 dan ortiq ilmiy, o‘quv - uslubiy maqola va risolalari chop etilgan.
U respublika Fan va texnologiya markazining “Yarimo‘tkazgichlarda elektr yurituvchi kuchlar paydo bo‘lishining yangi mexanizmlari” mavzusi bo‘yicha davlat granti ijrochilari safida ishlamoqda.