Tibbiyot fanlari nomzodi
Rishton tumani To‘da qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta ma’lumotni 7 - sonli maktabda olgach, 1977 yilda Qo‘qon tibbiyot bilim yurtini bitirgan. So‘ng Rishton tibbiyot birlashmasida tez tibbiy yordam stantsiyasida feldsher bo‘lib ishlagan. 1978 yilda maxsus yo‘llanma bilan Surxondaryo viloyati Denov tumani markaziy shifoxonasiga ishlashga yuborilgan.
1983 yilda O‘rta Osiyo tibbiyot pediatriya (hozirgi Toshkent tibbiyot pediatriya) institutiga o‘qishga kirgan. O‘qishni a’lo baholarga tamomlab, mazkur oliygoh internaturasida tahsil olgan.
K.Boymirzayev tibbiyot fanlari nomzodi. Uning bolalar anesteziologiyasining dolzarb ilmiy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari ilmiy jurnallarda chop etilgan. Bemor bolalar organizmini jonlantirishning K.Boymirzayev tomonidan ishlab chiqilgan samarali usuli ratsionalizatorlik taklifi sifatida tan olingan va tegishli guvohnoma bilan taqdirlangan.
Oliy toifali shifokor hozirda o‘zi tahsil olgan institutda “Anesteziologiya va reanimatsiya” kafedrasida ilmiy - pedagogik faoliyatini davom ettirib, bir vaqtning o‘zida “Operatsiya jarrohlik” bo‘limini boshqarib kelmoqda. Bilimli, tajribali shifokor sifatida uni Respublika sanaviatsiyasida konsultant bo‘lib ham ishlamoqda. Ayni kunda doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.