Boymuhamedov Hosil Nurmatovich (1918.1.12, Toshkent - 1990.14.7) - geolog olim. Oʻzbekiston FA akademigi (1979), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1976), Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1979), geolologiya-mineralogiya fanlari doktori (1960), professor (1962). Oʻrta Osiyo industrial institutini tugatgan (1943). Oʻzbekiston Geologiya boshqarmasida katta geolog va geologkonsultant (1950-1952). Oʻrta Osiyo politexnika institutida dotsent (1950-1961). Geologiya va mineral xom ashyo institutida katta ilmiy xodim (1957-1960). ToshPIda kafedra mudiri (1960 yildan), prorektor (1960-1972). Oʻzbekiston FA Prezidiumining bosh ilmiy kotibi va hayʼat aʼzosi (1972-1979), Yer haqidagi fanlar boʻlimining kotibi (1979 yildan). Foydali qazilmalar konlarini geokimyoviy usulda izlash O‘rta Osiyo seksiyasining raisi (1980 yildan). Kosmos boʻyicha ilmiy-konsultativ kengash raisi (1984). Bir qancha xalqaro va regional kongress va kengashlar, jumladan jahon geologlari Xalqaro kongressining (1984) tashkilotchisi va qatnashchisi. “Oʻzbekiston geologiya jurnali”ning bosh muharriri (1988). Asarlari ruda konlari geologiyasi va O‘rta Osiyodagi rudali hududlar va provinsiyalar metallogeniyasiga bagʻishlangan. O‘rta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonning foydali qazilmalar konlari formatsion metallogenik xaritasini tuzganlardan biri va bosh muharriri. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1985). Birinchi kon ochuvchi (1980). Toshkent shahri koʻchalaridan biri Boymuhamedov nomiga qoʻyilgan.