Bulgakov Pavel Georgiyevich (1927.6.6, Toshkent - 1993.28.10) - manbashunos, arabshunos. Oʻzbekiston FA muxbir aʼzosi (1979). SanktPeterburg universitetining sharq fakultetini tugatgan (1951). Shu universitetda oʻqituvchi (1954-1957). Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim (1964-1970), direktor oʻrinbosari (1970 yildan). Bulgakov Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini rus tiliga tarjima qilishda ishtirok etgan. “Abu Dulafning ikkinchi risolasi” asarini rus tiliga (A. Xolidov bilan hamkorlikda) tarjima qilgan, nashr ettirgan (1960).
U Beruniyning “Tahdid nihoyot ila mokin li tashih masofat ilmasokin” (“Geodeziya”) asarining arab tilidagi tanqidiy matnini birinchi marta Qohirada chop ettirgan (1962), soʻng uni rus tiliga tarjima qilib, izohlar bilan Toshkentda nashr qildirgan (1966).
Bulgakov “Beruniyning hayoti va ijodi” asari muallifi (1972). Beruniyning saylanma asarlarining 5 jildiga kirgan “Masʼud qonuni” asari va boshqa matematika, astronomiyaga oid risolalarini rus tiliga tarjima qiladi (1973). Bulgakov Xorazmiy haqida ham asarlar yozgan.
Bulgakov Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971).