Zakiryo Sottixo‘jayevich Buzrukov 1962 - yil 27 - yanvarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining Kalishox qishlog‘ida ishchi oilasida tug‘ilgan.
1969 - 1979 yillarda Kalishox qishlog‘idagi 21 - o‘rta maktabda o‘qigan.
Z. S. Buzrukov 1979 - 1984 yillarda Toshkent politexnika institutining Namangan filiali qurilish fakultetida o‘qib, imtiyozli diplom bilan tugatgan. Mehnat faoliyatini “Namangan suv qurilish” trestining ishlab chiqarish bo‘limida muhandis lavozimida boshlagan. 1984 - yildan 1986 - yilgacha harbiy xizmatni o‘tagan.
Z. S. Buzrukov 1986 - yilning may oyidan boshlab, TashPIning Namangan filialining (hozirgi NamMPI) “Qishloq xo‘jaligi qurilishi” kafedrasiga katta laborant vazifasiga ishga qabul qilingan va 1988 - yildan boshlab “Sanoat va fuqaro qurilishi” kafedrasiga assistent lavozimida ishlash uchun o‘tkazilgan.
Z. S. Buzrukov 1989 — 1992 yillarda Toshkent politexnika instituti aspiranturasining kunduzgi bo‘limida tahsil oldi. 1993 yilda “Qurilish konstruktsiyalari, bino va inshootlar” mutaxassisligi bo‘yicha “Dinamik ta’sir ostida ishlaydigan tekis rama va ustun qoziqli poydevorlarning birgalikdagi harakatini tadqiq qilish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyaldi himoya qilgan.
1992 - yildan boshlab yana Namangan muhandislik pedagogika instituti “Binolar va sanoat inshootlari qurilishi” kafedrasiga ishga qaytib, assistent, katta o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Z. S. Buzrukov 60 ta ilmiy - uslubiy ishlar muallifidir. U o‘z faodiyati davomida kasb - hunar kollejlari uchun “Qurilish materiallari, buyumlari va metallar texnologiyasi” nomli darslik va 1 ta o‘quv qo‘llanma chop ettirgan.
Hozirgi vaqtda “Seysmik ta’sir ostida ishlaydigan bino va inshootlar konstruktsiyalarining holatini va ularga ta’sir qiluvchi omillarni urganish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy - tadqiqot ishlari olib bormoqda.
U 2000 - yilda respublika o‘quv yurtlari professor - o‘qituvchilari, doktorantlari va aspirantlarining “Ustoz” jamg‘armasi tanlovi granti sovrindori bo‘lgan.
Z. S. Buzrukov institut o‘quv - uslubiy bo‘limi boshlig‘i va fakul’tet o‘quv - uslubiy kengashining raisidir. U O‘zbekiston Respublikasi OO‘MTVning va viloyat hokimligining “Faxriy yorliq”lari bilan taqdirlangan.