Nurilla Karimovich Dadaxonov 1962 yilda Namangan tumani Qorko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan.
1969 1979 yillarda tumandagi 13 - o‘rta maktabda o‘qib uni kumush medal bilan bitirgan
1979 yilda Y.Oxunboboyev nomli Toshkent to‘qimachilik mashina va yengil sanoat instituti Namangan filialining kechki bo‘limi to‘qimachilik mashina va apparatlarimutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirgan, u bilan bir vaqtda Namangan shoyi ishlab chiqarish birlashmasining yigiruv tsexida yog‘lovchi bo‘lib ishlagan. 1981 - 1983 yillarda Mongoliya Xalq Respublikasida harbiy xizmatni o‘tagan. 1987 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgan va 1988 yilda filialning to‘qimachilik mashina va apparatlari kafedrasida assistent lavozimida o‘zining ilmiy - pedagogik faoliyatini boshlagan.
1995 yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti aspiranturasining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirgan. Dotsent M. M. Shukurov rahbarligida “Yigiruv ishlab chiqarish mashinalarining cho‘zuvchi asboblaridagi cho‘zish jarayonida tolalarni nazorat qilish qurilmalarini ishlab chiqish” mavzusida ilmiy - tadqiqot ishlarini olib bordi. Bunda u Toshkent to‘qimachilik mashinasozligi zavodining konstruktorlik bo‘limi va ilmiy - tadqiqot laboratoriyasi, Ivanovo shahridagi Davlat to‘qimachilik akademiyasi professori Yu. V. Pavlov va Namangan shoyi ishlab chiqarish birlashmasi mutaxassislari bilan hamkorlik qildi.
1997 yilda nomzodlik dissertatsiyasini muddati dan oldin muvaffaqiyatli himoya qildi. Himoyadan so‘ng Namangan muhandislik - iqtisodiyot institutida ilmiy - pedagogik faoliyatini davom ettirdi. U mexanika - texnologiya fakultetining o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimida ishladi.
N. K. Dadaxonov 2000 yildan NamMPIning texnologik mashina va jihozlar kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida ish boshladi. 2001 yilda texnologik mashina va jihozlar kafedrasi, 2002 yilda mashinasozlik texnologiyasi kafedrasi dotsenti vazifasida ishlab kelmoqda.
Olim 20 dan ortiq ilmiy maqola va O‘zbekiston Respublikasining 8 ta patenti muallifvdir. U o‘qitayotgan fanlaridan 25 dan ortiq uslubiy qo‘llanmalar va ma’ruza matnlari yaratgan hamda “Mashina detallarini hisoblash va loyihalash” (muhandislar uchun), “Elektr - gaz payvandlash texnologiyasi” (kasb - hunar kollejlari uchun) kabi o‘quv qo‘llanmalarni chop ettirgan.