Hikoyamiz qahramoni - katta vazifaga mas’ul - bolalar ortonedi Rahimjon Djabborov. Albatta, jarroh shifokorlarimiz mehnatlarining, zahmatlarining bahosi yo‘q. Buning ustiga bemor hali hayotning ranglarini, go‘zalligi va lazzatini tanib ulgurmagan yosh bola bo‘lsa - chi? Shifokorning oldidagi mas’uliyat ming bora ortadi... Rahimjon Djabbarov 1982 yili 1oktyabrda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tavallud topdi. Otasi Turg‘unboy aka elektr sozlovchi, onasi Bahriniso ona hisobchi bo‘lib, hamma qatori ro‘zg‘or tebratishardi. Rahimjon katga oilaning kenjasi bo‘lib, opalari: Nazokat (respublika OITS markazi shifokori), Surayyo (hamshira), Gulnoza (tarbiyachi), akasi Alisher (aloqa bo‘limi boshlig‘i) larning ardog‘ida o‘sdi. Yoshligidan bilimga chanqoq tirishqoq o‘spirinning xushmuomalasi, odob - axloqi ko‘pchilikka manzur bo‘lardi. Yuragi ostida ko‘tarib, oq sut berib o‘stirgan onaizori va padari buzrukvori farzanddarining kamolini ko‘rish orzusida tinim bilishmasdi. Rahimjon o‘quvchilik davrlaridan tibbiyotga qiziqdi. Birinchi o‘qituvchisi Azizaxon aya uni “tilla bola” deb atashi bejiz emasdi. Rahimjon odobi, sinfdoshlariga g‘amxo‘rligi va rahmdilligi bilan ham boshqalardan ajralib turardi. Azizaxon aya bir kun kelib o‘quvchisining qo‘llari “tilla” bo‘lishini o‘shanda bashorat qilgan bo‘lsa ajab emas. 1997 yili Bekobod tumanidagi 1 - sonli o‘rta maktabni, keyin Yangiyo‘l tumanidagi Xalqobod litsey internatini kimyo biologiya yo‘nalishi bo‘yicha a’lo baholar bilan tugatib, 2000 yili Toshkent Pediatriya Tibbiyot institutida (SamPI) pediatriya fakultetiga o‘qishga qabul qilindi. Rahimjop Ibn Sino avlodi ekanini his qilib, tibbiyotni puxta egallashga, ok libosiga mos najot farishtasi kabi xalqqa halol xizmat qilishga bel bog‘lab, butun e’tiborini o‘qishga qaratdi. 2007 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlarkan, yosh shifokor malakasini oshirish uchun 2007 – 2008 yy. Toshkent shahar “Tez yordam” stantsiyasida ko‘chma brigadada pediatr shifokor bo‘lib ishladi. 2008 - 2010 yy. Rahimjon Djabbarov tibbiyot olamini chuqurroq o‘rganish uchun Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Markazida travmatologiya va ortopediya mutaxassisligi bo‘yicha klinik ordinatura kursida o‘qidi. 2011 yildan O‘zbekiston Respublikasi SSV Respublika Ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya Markazi “Bolalar ortopediyasi” bo‘limida ish faoliyatini boshladi. Shifokor diliga tukkan ezgu maqsadining ro‘yobi uchun yanada ko‘proq izlanishga harakat qildi. Rahimjon Djabbarov 2013 Yili “Institut pozvonochnika i sustavov im prof. M. I. Sitenko” Ukrainaning Xarkov, 2015 yili “RIS “VTO” im akad. G. A. Ilizarova” Rossiyaning Kurgan va 2017 yili “NIDOI im.Turnera G. I.” Rossiyaning Sankt - Peterburg shaxarlaridagi nufuzli tibbiyot markazlarida, 2014 - 2018 yillarda Toshkent vrachlar malaka oshirish institutida malaka oshirdi. Tajribali shifokor respublikamizning Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida travmatologiya va ortopediyaning dolzarb muammolari bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy - amaliy anjumanlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Malakali olim bukun Sog‘lom turmush tarziga amal qilish haqidagi lo‘nda va tushunarli maslahatlari bilan ko‘plab insonlarning hayotini o‘zgartirib, salomatligini tiklashga xizmat qilayapti. Hozirda oliy toifali shifokor Rahimjon Djabbarov - 24 ta tezis, 1ta ixtiro, 10 ga meto¬dik qo‘llanma va14 ta jurnallarda chop etilgan maqolalar muallifi. Ayni paytda u bolalarda uchraydigan Tayanch harakat tizimidagi kasalliklarni tashxislash, davolash va reabilitatsiyasining yangi - yangi usullarini o‘rganish va tadbiq qilish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Rahimjop Djabbarov 2018 yili mazkur Markazning jarrohlik bo‘limiga rahbar etib tayinlandi. Ha, mehribon shifokorning siyratiyoq bemorlarning umid chirog‘ini yoqadi.
Rahimjon Djabbarov oilada bolalar tarbiyasiga ham alohida mas’uliyat bilan qaraydi, ularni nihol kabi avaylab parvarishlaydi. Turmush o‘rtog‘i Dilnozaxon (xuquqshunos) bilan farzandlari: Abrorbek va Sevinchoy (o‘quvchi) larning sog‘lom voyaga yetib, to‘kis ilm olishlari, hunar o‘rganishlari uchun imkoniyat yaratishga harakat qilmoqdalar. Axir ota - onaning qo‘llab - quvvatlashi bolalarga o‘z yo‘llarini tanlashlari uchun bir mayoq bo‘lishini ular yaxshi bilishadida.