Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, arxitektura fani nomzodi Dosmetova Zuhra Shavkatovna 1988 yil ushbu institutning Interer jihozlash, Arxitektura dekoratsiyasi restavratori bo‘limini tamomlab, o‘z ish faoliyatini ta’mirlovchi - rassom sifatida boshlagan.
U Toshkent shahridagi sobiq A. Polovtsev va K. Romanov uylarining devoriy va shift bezaklarini; Toshkent shahridagi A. Navoiy nomidagi katta Akademik opera va balet teatri “Buxoro” zali ganch o‘ymakorligini; Samarqand shahridagi “Qo‘sh hovuz” masjidining shift bezaklarini ta’mirlagan.
1997 yildan K. Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash” kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ish boshladi. So‘ngra “Me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash” kafedrasi katta o‘kituvchisi hamda “Amaliy san’at” fakulteti dekani muovini, 2006 yildan esa “Me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash” kafedrasi dotsenti sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Zuhra Dosmetova ilmiy izlanishlarini ilmiy - pedagogik faoliyat bilan uyg‘unlashtirdi. Bo‘lajak olima o‘z davrida ilmiy nuqtai nazardan chetlab qolingan O‘zbekiston xalq an’anaviy me’morchiligidagi badiiy bezaklarni o‘rganishga jazm etdi. 2008 yil o‘zining ko‘p yillik izlanishlari natijasi sifatida “Osobennosti dekorativnogo oformleniya jiliyx domov Tashkenta XIX - nachala XX v.(k izucheniyu lokalnoy arxitekturno - xudojestvennoy shkoli)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasining tavsiyasiga muvofiq arxitektura nomzodi ilmiy darajasiga va dotsentlik unvoniga ega bo‘ldi.
Tadqiqot natijalari asosida ilmga qo‘shgan hissasi shundaki, avvalam bor O‘rta Osiyo va O‘zbekiston me’moriy yodgorliklaridagi badiiy bezaklarning tadrijiy rivojlanishini, xalq va mahobatli me’morchilik bezaklarining farqlarini va umumiy xususiyatlarini, eski usta - me’morlarning loyihaviy va ijodiy meroslarini, ishlash uslublarini hamda barcha me’moriy bezak turlarini, ularning o‘rnini, ashyoda ishlashni bajarish va ta’mirlash bo‘yicha izlanishlar va xulosalar Me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash, Me’morchilik nazariyasi va tarixi, San’atshunoslik nazariyasi va tarixi, Muzeyshunoslik va Amaliy san’at sohalarini boyitadi. Ilmiy tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi,O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, moddiy va madaniy meroslarni saqlash va ta’mirlash muassasalari, xalq amaliy san’ati va ijodiyoti markazlari, ta’mirlash ustaxonalarida, Badiiy Oliy ta’lim muassasalari bakalavr va magistrant talabalari hamda o‘rta maxsus kasb - hunar o‘quv yurtlari o‘quvchilari foydalanishi mumkin.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi sifatida: O‘zbekiston xalq an’anaviy me’morchiligi maktablari va ulardagi bezaklarni o‘rganishga, ularning moddiy va madaniy yodgorliklardagi o‘rni, eski usta - me’morlarning ijod mahsulini va tajribasini o‘rganib, yosh mutaxassis kadrlarga yetkazish. O‘zbekiston me’moriy yodgorliklarini saqlab qolish, umrini uzaytirib, keyingi avlodlarga yetkazish hamda ota - bobolarimizning amaliy - bezak san’ati namunalarini zamonaviy me’morchilikda qo‘llash uchun imkoniyatlar mavjud. Shuningdek, olimaning bajargan ilmiy tadqiqot natijalari Me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash sohasida ta’lim jarayoniga kiritilib, “Loyihalash”, “Me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash asoslari”, “Mutaxassislik bo‘yicha san’at tarixi”, “Me’moriy bezak tarixi va turlari” fanlarini o‘rganishda ta’lim jarayoniga kiritilgan va hozirgi kungacha ushbu mutaxassislik fanlari amalda bajarilmoqda. Ayni vaqtda olima tomonidan Mahobatli me’morchilik bezaklarining tadqiqoti va ularni ta’mirlash sohasidagi o‘rni ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda olima Dosmetova Zuhra Shavkatovna Magistratura ta’lim yo‘nalishida yoshlarni ilmga yo‘naltirilgan “Maxsus fanlarni o‘qitish uslubiyati”, “Ilmiy tadqiqot usullari, ularning tahlili”, “Ilmiy tadqiqot ishi. Ilmiy pedagogik ishi” hamda Magistrlik dissertatsiya ishiga rahbarlik faoliyatini K. Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida, Toshkent Davlat texnika universitetida va Toshkent arxitektura qurilish institutlarida olib bormoqda. Dotsent Zuhra Dosmetova ayni yo‘nalishda 1 ta monografiya 2 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta o‘quv - uslubiy qo‘llanma, 20 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi konferentsiya va OAK tasarrufidagi jurnal maqolalari muallifidir.
Zuhra Dosmetova oilali, uch farzandning onasi.