Gulnora Sherbekovnani yaxshi taniganlar: - Bir joyda sokin, tinch o‘tirgan bo‘lsang ham mana shu do‘xtir opani ko‘rsang, o‘z - o‘zidan harakatga tushib ketging keladi. Chunki bu kishi nihoyatda qarakatchan ayol. Bir daqiqa bemalol, butun dunyoni unutib o‘tirganini ko‘rmaysiz. Doim kandaydir ezgu ishlarni boshlab yuradi, - deyishadi.
Darhaqiqat, shunday. Tabiat ham uning intilishlari, maqsadlariga yarasha kuch bergan.
Gulnara Eltazarova yerga mehrini bergan, dehqonchilik orkasidan rizqu nasiba tergan Sherbek Eshqulov va xuddi shunday jonsarak, mehnatkash ayol Qarshigul Eshqulovalar oilasida tavallud topdi.
Vaqti - saoti yetgach, 1973 yilda Sirdaryo tumanidagi 19 - maktabga o‘qishga bordi va 1983 yilda o‘rta maktabni tugatdi. 1984 yilda Guliston tibbiyot texnikumiga o‘kishga kirdi. O‘qish davrida Gulnara viloyat kasalxonasida sanitarka bo‘lib ishladi va tibbiyotchilarning turli darajalardagi hayotining og‘ir - yengil jihatlarini o‘rgandi.
1985 yilda Gulnara Sherbekovna o‘kishni tugatgach,Samarkand viloyat shifoxonasida tibbiy hamshira bo‘lib ishlay boshladi.
Gulnara o‘qishini davom ettirishni, tibbiy bilimlarini mukammallashtirishni istardi. Shuning uchun 1988 yilda 1 - sonli Toshkent davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. 1991 yilda turmushga chiqqani bois o‘kishini Samarkand davlat tibbiyot institutida davom ettirdi.
Gulnara Sherbekovna institutda ham ustozlarining nazaridagi, ustozlari kelajagiga umid, ishonch bilan qaraydigan harakatchan talabalardan biri edi. Shuning uchun institutni muvaffaqiyatli tugatgach, Samarqand shahridagi 2 - sonli tug‘urukxonada internatura muddatini o‘tadi.
1988 yildan esa shu tug‘uruqxonada navbatchi shifokor bo‘lib ishladi.
1999 yil noyabr oyidan Gulnara Sherbekovna viloyatlararo “Ona va bola skriningi markazi”da akusher - ginekolog lavozimida ishlay boshladi. Bu davrga kelib, ona va bola muhofazasi, sog‘lom naslni dunyoga keltirish, go‘dak salomatligini mustahkamlash harakatlarini ona qornidayoq
boshlash kabi masalalar kun tartibiga chiqdi.
Gulnara Sherbekovna yaxshi mutaxassis sifatida bu vazifalar ijrosiga bor kuch-quvvatini sarfladi. Jonkuyarligi, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi bois uni 2000 yilning fevral oyida ishlayotgan markazida bo‘lim boshlig‘i lavozimiga ko‘tarishdi.
Gulnara Sherbekovna amaliyot bilan birga o‘z ustida muntazam shug‘ullana bordi. 2003 yil may oyida Rossiya tibbiyot akademiyasining maxsus kurslarida “Tibbiy genetikaning dolzarb masalalari” yo‘nalishida malaka oshirdi.
Genetika inson hayotida juda katta axamiyatga ega. Insonda yillar davomida shakllanadigan fe’l - atvor, salomatligidagi nuqson yoki mukammalliklarning deyarli hammasi nasl bilan bog‘lik. Shuning uchun istiklol yillarida genetikaga qiziqish kuchaydi. Gulnara Sherbekovna ham bora - bora shu soxaning kuchli mutaxassislaridan biriga aylandi.
2005 yil may oyida viloyatlararo “Ona va bola skriningi markazi”ga QUQ raisi etib tayinlandi. 2006 yilda VSSB bosh akusher - ginekologi koshida konsultativ kengashga viloyatning tibbiy genetika bo‘yicha bosh maslahatchi etib tayinlandi. Bu davrga kelib, homiladorlikning dastlabki oylaridayok ayollarni skrining tekshiruvidan o‘tkazish, agar homila keyinchalik uning salomatligida aks etadigan nuqson bo‘lsa, davolash, davolash imkoniyati bo‘lmagan holda homiladorlikni to‘xtatish kabi hayotiy masalalar faqat tibbiyot xodimlari emas, keng omma orasida ham tushunarli bo‘lib koldi. Bu targ‘ibotning odamlar, ayollar ongiga singishida tibbiyotchilar, jumladan, Gulnara Eltazarovaning ham katta hissasi bor.
2007 yil VPM ayollar maslahatxonasiga bo‘lim mudiri lavozimiga ishga o‘tdi.
2008 yilda esa VPMga davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari etib tayinlandi. 2010 yida esa VPM nazorat - taftish komissiyasi raisi etib tayinlandi.
2011 yida esa Gulnara Eltazarovaning hayotida yana bir yorkin sahifa ochildi. U “TORCh infektsiyalar fanidagi em- briofetopatiyalarning klinik - morfologik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya kildi. Uning olimalik imkoniyatlarini isbot qiluvchi “Homilaning tug‘ma rivojlanish nuqsoni bilan dunyoga kelish epidimologiyasi haqida”, “Ba’zi infektsiyalanish hollarida platsentaning gistologik o‘zgarishlari”, “Embriofetopatiyalarning yuzaga kelishida TORCh infektsiyalarining o‘rni”, “Tug‘ish yoshidagi ayollarda TORCh infektsiyalar”, “TORCh infektsiyalar (genital viruslar, xlamidioz, toksoplazmoz) fanidagi embrio va fetopatiyalarning klinik - morfologik xususiyatlari” kabi maqola, tezis va risolalari e’lon qilindi.
Bular bo‘lajak tibbiyotchilar, akusher - ginekologlarga kasb sirlarini teranroq o‘rganishga yordam berdi. Fuqarolarning o‘z vujudini anglashiga, salomatligi, farzandlar salomatligi haqida yana ham ko‘prok g‘amxo‘rlik qilishiga asos bo‘ldi.
Gulnara Sherbekovna 2013 yillarda viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
2014 yildan buyon esa avvalgi faoliyatining uzviy davomi sifatida Gulnara Sherbekovna Samarkand shahridagi 1 - son tug‘uruq majmuasi bosh vrachi vazifasida faoliyat olib bormoqda.
Gulnara Sherbekovna filolog olim Jo‘liboy Danaboevich Eltazarov bilan uzok yillardan buyon bir oila bo‘lib yashab kelmoqdalar. Jo‘liboy Danaboevich ilmiy ishlari bilan dunyo kezgan inson. Germaniya, Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning ilmiy doiralarida tan olingan olim. Er - xotin bir - birini to‘ldirib yashaydilar. Oybek, Otabek, Zarnigor ismli farzandlari bor. Oybek Singapur menejmentni rivojlantirish institutining Toshkent filialini tugatgan, Zarnigor - bo‘lajak shifokor, Otabek esa hali maktab o‘kuvchisi.
Ular ilm va mehnat nonini yeb kamolga yetishmoqda. Nasib etsa, ota - onasi kabi el xizmatidagi ziyoli insonlar bo‘lishadi.
- Kunlar shamolda uchgandek uchmoqda. Insonning dunyodan, hayotdan ko‘ngil uzgisi kelmaydi, - deydi er - xotin Eltazarovlar. Ha, umr o‘rtalarida ham yashashni sevgan insonlar shunday ayta oladi.