Pedagogika fanlari nomzodi
1981 yil 4 dekabrda Rishton tumani Oq yer qishlog‘ida tug‘ilgan. 1998 yil tumandagi 51 - sonli o‘rta maktabni tamomlagan. 2002 yilda Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida “Matematika va informatika” yo‘nalishini, 2006 yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida informatika mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani, 2010 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti iqtisod yo‘nalishini tamomlagan.
A. Eminov mehnat faoliyatini 2002 yil Rishton sanoat kasb - xunar kollejida matematika fani o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan.
2006 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti magistraturasini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Yosh mutaxassisning qobiliyatini inobatga olib, universitetning “Informatika va TAT” kafedrasiga ishga olib qolingan. Magistraturada o‘qish bilan bir qatorda Respublika rassomlik kollejida informatika va axborot texnologiyalari fanidan dars berib kelgan.
A. Eminov kafedradagi o‘qituvchilik faoliyati davomida ilmga intiluvchanligi, o‘z kasbiga sadoqati tufayli kafedra jamoasi a’zolari e’tiboriga tushdi. U 2008 yildan 2014 yilgacha Toshkent davlat pedagogika universiteti fizika - matematika fakulteti dekanining ma’naviy - ma’rifiy ishlar bo‘yicha muovini lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatdi. 2012 yil 25 iyunda TATU professori, pedagogika fanlari doktori F. M. Zokirova ilmiy rahbarligida “Bo‘lajak o‘qituvchilarning kompyuter grafikasi bo‘yicha kompetentligini rivojlantirish metodikasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
2014 - 2016 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey direktori lavozimida hamda O‘zbekiston Respublikasi Bank - moliya akademiyasida “Sug‘urta ishi” kafedrasi dotsenti lavozimida ishladi.
2016 yil 23 maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida Pedagog kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda ilmiy - tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib bordi.
2016 yilning oktyabrida Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori lavozimiga tayinlandi. Uning bevosita rahbarligi ostida institutda 2 ta xalqaro loyiha amalga oshirilmoqda.
A. Eminov ilmiy - tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli olib bormoqda. Uning “Kompyuter grafikasi”, “Informatika va axborot texnologiyalari”, “Boshqaruvda axborot texnologiyalari”, “Web dizayn” fanlaridan o‘quv - uslubiy hamda metodik qo‘llanmalari, 40 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy maqolalari, tezislari e’lon qilingan.
Hozirda doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.