Tibbiyot fanlari doktori, professor
Nasriddin Shamsiddinovichning ish xonasi eshigi oldida doim Respublikamizning turli viloyatlaridan bemor bolalari bilan kelgan ota - onalarni uchratish mumkin. Shifokor bemorlarni ko‘p yillik bilimi va tajribasi asosida, bor iqtidorini ishga solib davolaydi. Bemorlarning sog‘aygandagi minnatdor nigohlarini ko‘rganda, har gal bolaligida tushida ko‘rgan “Xizr bobo” bergan madadini his qilganday bo‘ladi...
“Yosh edim, yoshligimda, chamasi o‘n yoshimda, tushimda ko‘rganlarim kechagidek yodimda...” deb yozgan she’rida; kiyimlik bobo Nasriddinning qo‘llarini olovdek kaftlariga olib, unga mehr bilan tikilgani va qandaydir qop tashlab ketgani, bu tushining ta’birini onasi Po‘latoy aya “Xizr bobo senga nazar qilibdilar, shunga loyiq yashagin”, deya o‘g‘lini duo qilganini xotirlaydi... Otasi Shamsiddin ota (kamtarin va hokisor inson bo‘lib, savdo tizimida xizmat qilgan) o‘g‘lidan kuchli bir kasb egasi chin dildan umidvor bo‘lgandi. 1954 yilning 8 yanvarida Buxoro viloyatida 3 o‘g‘il va 3 qizning orasida ikkinchi bo‘lib dunyoga kelgan Nasriddin 1970 Yili G‘ijduvon tumanidagi Navoiy nomli o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatdi. Toshkent Tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga talabalik safiga qabul qilinganida onasining gaplarini esladi va shu kunga qadar uni hayot shioriga aylantirdi. Oliygohni 1976 yili imtiyozli diplom bilan tugatib, bolalar jarrohligi sohasini tanladi. Yigitning tibbiyotni tanlashiga 6 - 7 yoshligida kechirgan dard - ko‘z gavxarini davolagan oftalmolog xirurgning qiyofasi va e’ti- bori turtki bo‘lib xizmat qilgandi. Nasriddin Ergashev o‘z kasbiga tegishli dastlabki nazariy va amaliy bilimni bolalar jarrohligi maktabining iqtidorli vakillaridan biri bo‘lgan Aminboy Sulaymonovdan oldi. Uning yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishi va ilmiy salohiyatini oshishida sobiq ittifoqning Leningrad shaxrida 1979 - 1989 yillar akademik Girey Aliyevich Bairov boshqargan bolalar xirurgiyasi kafedrasida olib borgan ilmiy - amaliy izlanishlari muhim rol o‘ynadi. G. A. Bairov rahbarligida 1982 bilda nomzodlik va 1989 Yili esa doktorlik dissertatsiyalarini Leningrad va Moskva shaharlarida muvaffaqiyatli himoya qildi. Keng tarmoqli bolalar xirurgiyasining turli jabhalari: chaqaloqlar xirurgiyasi bo‘yicha olib borgan samarali ishlari uchun 1990 yilda unga professor ilmiy unvoni berildi. 1990 - 2006 yy. professor Sh. Ergashev O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida Bosh bolalar jarrohi lavozimida samarali faoliyat olib bordi. Shuni e’tirof etish joizki, respublika miqyosida qizil o‘ngach atreziyasi, tug‘ma ichak tutilishlari, diafragma churralari, o‘pka anomaliyalari kabi og‘ir tug‘ma nuqsonlarga chalingan chaqaloq bolalarda o‘tkazilgan dastlabki muvaffatsiyatli operatsiyalar pro¬fessor Ergashev faoliyati bilan bog‘liq. 1991 yildan boshlab olim Tashkent Pediatriya Tibbiyot institutining bolalar gospital xirurgiyasi kafedrasining mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Professor rahbarligida o‘ndan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. 400 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika miqyosida va xorijiy jurnallar va ilmiy to‘plamlarda chop etilgan. Yuzga yaqin monografiya va darsliklar yaratilgan, Yuzdan ortiq mualliflik guvohnomalari olingan.
Nasriddin Ergashev rafiqasi Maryam opa (farmatsept) bilan 4 nafar farzandlarini tarbiyalab, voyaga yetkazdilar. Ular ham ota kasbining vorislari bo‘lib kamolga yetdilar. Sharofiddin - bolalar jarrohi, Nargiza - bolalar nervopotologi, Nigora (oy- kuniga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlar shifokori), Bekzod - bolalar travmatolog - ortopedi. Xatto kelinlarining ham shifokor ekanligi bu xonadonning ezgu tilaklar og‘ushida yanada charog‘onligidan darak beradi. Nasriddin aka bilan Maryam opalar sakkiz nabiraning shukrini qilib, butun dunyo bolalariga omonlik tilab umrguzaronlik qilishmoqda. Tabiiyki, ularga ham salomatlik so‘rab, duoga kaft ochayotganlar behisob!