Tarix fanlari nomzodi, dotsent
1944 yilda Rishton tumanining Qayrag‘och qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab qishlog‘idagi, so‘ngra tuman markazidagi 1 - sonli maktabda o‘qigan. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida oliy talim olgan. Mehnat faoliyatini dastlab tarix va jamiyatshunoslik fani o‘qituvchisi sifatida sobiq Farg‘ona koperativ texnikumida boshlagan.
So‘ng Farg‘ona politexnika institutida assistent, katta o‘qituvchi, iqtisodiyot - muhandislik fakulteti dekani, FarPI qoshidagi malaka oshirish kursi direktori lavozimlarida halol va samarali mehnat qilgan. U o‘z bilim - izlanishlari mahsuli sifatida Toshkent shahrida tarix fanidan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan va tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.
1990 - 2003 yillarda Q. Ergashev Farg‘ona politexnikumi (hozirda sanoat - iqtisodiyot kasb - hunar kolleji)ga rahbarlik qildi. Bir necha marta sobiq Qirguli tumani va Farg‘ona shahar xalq deputatlari Kengashiga deputat etib saylangan. Ko‘p yillik mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.
Qahramon Ergashevning ezgu orzu - niyatlari bir talay edi. Birmuncha qisqa, lekin mazmunli umri davomida ona qishlog‘i Qayrag‘ochdan, Rishtondan ilm izlab kelgan juda ko‘plab yoshlarga beminnat yordam qo‘lini cho‘zdi, ularning turli kasb egalari bo‘lishlarida, hayotda o‘z o‘rnini topishlarida jonbozlik ko‘rsatdi.