Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti “Marketing” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Ergashxodjayeva Shahnoza Jasurovna marketing sohasining rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan marketolog olima. U 1989 yili Toshkent Xalk xo‘jaligi instituti (Hozirgi TDIU)ning “Savdo iqtisodiyoti” mutaxassisligida o‘qigan. Mehnat faoliyatini talabni o‘rganish va kon’yunkturani bashorat qilish ilmiy tekshirish institutida iqtisodchi lavozimida ishlash bilan boshlagan. So‘ngra Toshkent Xalq xo‘jaligi instituti (TDIU) “Savdo iqtisodiyoti” kafedrasida assistent bo‘lib ishlagan. 1992 - 1995 yillarda Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti aspiranturasida o‘qigan. Aspiranturani bitirgach, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetining “Savdo iqtisodiyoti va biznes” kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida, keyinchalik “Marketing” kafedrasida dotsent lavozimida ishlagan. 2005 yildan hozirgi vaqtga qadar “Markeging” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Shahnoza Ergashxodjayeva 1999 yilda “Marketing” ixtisosligi bo‘yicha “Matlubot kooperatsiyasi korxonalarida marketing va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2007 yilda “Marketing” va “Mikroiqtisodiyot” ixtisosliklari bo‘yicha “Bozor raqobati sharoitida qishloq joylarida kooperatsiyani rivojlantirishning marketing strategiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Olima tomonidan 100 dan ortiq ilmiy ishlar, xususan 3 ta monografiya, 7 ta darslik, 15 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta risola, 60 dan ortik ilmiy maqolalar chop etilgan.
Iqtisod fanlari doktori Ergashxodjayeva Shahnoza Jasurovna 2007 - 2011 yillarda “O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha marketing strategiyasining nazariy va uslubiy asoslari” mavzusidagi muhim ilmiy - tadqiqot loyihaga, 2012 - 2013 yillar davomida “Innovatsion marketing va uni korxonalar faoliyatiga tatbiq etish” mavzusidagi innovatsion loyihaga rahbarlik qilgan. Hozirgi kunda 2012 - 2016 yillarga “Transaktsiyalar va gransaktsiya xarajatlarini boshqarishning ilmiy - uslubiy asoslarini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy - tadqiqot loyihasiga rahbarlik qilmokda.
Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bank - moliya akademiyasi, Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya instituti va Toshkent Moliya instituti huzuridagi iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Ilmiy kengash a’zosi, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti huzuridagi raqamli Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi o‘rinbosari, Menejment va Marketing ixtisosliklari bo‘yicha malakaviy imtihon qabul qilish komissiyasi raisi, TDIU qoshidagi “Olima” ayollar uyushmasi raisi.
Shahnoza Ergashxodjayeva 2006, 2011, 2012 yillarda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining faxriy yorlig‘i, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining faxriy yorlig‘i, 2011 yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni, 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi “Olima” ayollar uyushmasining faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan.
Shahnoza Jasurovna doimiy ravishda ilmiy darajasini oshirish ustida qat’iyat va sabr - toqat bilan ishlaydi. U to‘g‘riso‘z, ma’naviy yetuk, o‘ hamkasblariga nisbatan doimo mehribon va g‘amxo‘r Ilmiy-pedagogik mahorati va qobiliyati bilan universitet professor-o‘qituvchilari orasida hurmat qozongan.
Shahnoza Ergashxodjayeva ilmiy ishlari tadqiqotlari natijasida ko‘pgina darsliklar, o‘quv ko‘llanmalari, monografiya, risolalar va maqolalar chop ettirgan. “Statistik marketing”, “Marketing”, “Qishloq joylarda kooperatsiyani rivojlantirishning marketing strategiyasi”, “Kichiq biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari". Mustaqillik yillaridagi marketing boshqaruvining shakllanishi, rivojlanishi va muammolari, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari” “Korxonalar faoliyatida zamonaviy marketing kontseptsiyasidan samarali foydalanish”. “Transaktsiog xarajatlari va ularni optimallashtirish yo‘llari”, “Transaktsiyalar va transaktsiya xarajatlari nazariyasi asoslari”, “Innovatsion marketing” (Darslik) shular jumlasidan.