Respublika olimpiadasida adabiyot fanidan qatnashib g‘olib bo‘lgan Mahbubaxon maktabni oltin medalga bitirdi.
-Ha, endi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, respublikaning ko‘zga ko‘ringan taniqli kishilaridan biri bo‘lgan Suyun To‘xliyevning qizi bo‘lganidan keyin a’lochi, faol bo‘lishi ham kerak - da, bolam, - dedi onasi uni bag‘riga bosib, - iloyo bundan buyon hayotda ham hamisha a’lochi bo‘lib yurgin.
- Adabiyotni sevganingdan xursandman. Negaki adabiyot insonni buyuklikka yetaklaydi, insonparvar qiladi. Zero, inson insonni ulug‘lab yashashi kerak, - dedi Suyun aka ham qizini institutga kuzatar ekan.
Sirdaryo viloyati Toshkentga yaqin bo‘lgani uchun Mahbuba hujjatlarini Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetiga topshirdi, o‘qishga imtiyozli qabul qilindi. Ko‘p o‘tmay fakultetning eng faol, tashkilotchi talabasiga aylandi. Ustozlari, kursdoshlari hurmatini qozondi. Biroq ko‘ngilga buyruq berib bo‘lmas ekan, samarqandlik yigit O‘ktamjonga turmushga chiqqach, o‘qishini ham SamDUga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Talabalikni kelinlik bilan birga olib borgan bo‘lsa - da, bo‘sh kelmadi, universitetni muvaffakiyatli bitirdi.
Olima bo‘lishni astoydil niyat qilgan Mahbubaxon pedagogika institutida o‘qituvchi bo‘ldi. Sirtdan Nizomiy nomidagi ToshDPI aspiranturasida o‘qidi. Bu chog‘da turmush o‘rtog‘i O‘ktam aka ham ilmiy ish yozish bilan band edi. Ikki do‘st, ikki hamkasb inson sifatida ishda ham, ro‘zg‘or muammolarini xal qilishda ham bir - birlariga ko‘makdosh bo‘lgan Mahbubaxon bilan O‘ktam akalar ko‘p sinovlarni mardonavor yengishdi. O‘. Erkinov iqtisod fanlari, Mahbubaxon filologiya fanlari nomzodi bo‘lishdi.
Olima faoliyatini pedagogika bilim yurtida davom ettirdi. Kollej talabalari uchun “G‘afur G‘ulom ijodini o‘rganish”, “Nutq madaniyati” fanidan 3 ta ishlanma yozdi.
Pedagog, olima vazifalarini qanday mas’uliyat bilan ado etgan bo‘lsa, bekalik va onalik vazifasini ham shunday mas’uliyat bilan bajargan Mahbubaxonning oilasiga bugun hammaning xavasi keladi. Ota - onalari kabi milliy qadriyatlarga hurmat, ilm - fanga muhabbat bilan kamolga yetgan farzandlar bugun mamlakat xalq xo‘jaligi rivoji uchun astoydil mehnat qilishyapti.
Alisher otasi izidan bordi. Samarqand davlat ko¬operativ instituti Moliya va kredit fakultetini tugatib, iqtisodchi bo‘ldi. Gulnozaxon esa ijodkor o‘qituvchi, SamDUning iqtisod fakultetini bitirgan Azijon "Dori - darmon" farmatsiyasida mehnat qilyapti.
Allaqachon Madina, Jasur, Asadbeklarning sevimli buvisiga aylanib ulgurgan Mahbuba Suyunovna xamon safda. Samarkand oziq - ovqat kollejida yoshlarga adabiyot fa¬nidan saboq berish bilan band.
To‘plagan tajribalari asosida “Oilada farzand tarbiyasi bebaxo meros” mavzuida uslubiy ishlanmani nashrga tayyorladi.
- Otam bizni mexnatsevar va kamtar bo‘lishga chaqirardilar. Shu o‘gitga amal qilib kam bo‘lmadik. Men halol va insonparvar inson Suyun To‘xlievning kizi degan nomni oqlaganim uchun xam baxtiyorman, - deydi Maxbubaxon.
Iloyo baxtingizga ko‘z tegmasin.