Mahfuza G‘aniyevnani ko‘pchilik hurmat - ehtirom bilan “direktor opa” deb chaqirishadi. Aslida bu ayol kishilarning samimiy mehri tufayli ana shunday nomga sazovor bo‘lgandir balki. Chunki katta bir maktabga yetakchilik qilish albatta juda mashaqqatli. Axir bitta ta’lim - tarbiya muassasida yuzlab, minglab bolalar tahsil olishadi. Ularga zamon talabiga mos holda ta’lim - tarbiya berishning o‘ziga xos kiyinchiliqlari bo‘ladi. Fan kabinetlarini ko‘ngildagidek jihozlash, darslarni pedagogik texnologiyalar asosida o‘tish, bolalarni sog‘lom kelajakka tayyorlab, ularning bilim va tafakkurini charxlash, shuningdek o‘kuvchilar bilan ishlashda ota - onalar va mahalla hamkorligini yo‘lga ko‘yish singari dolzarb masalalar alohida diqqat - e’tiborni talab etadi. Bunday masalalarni hal qilishda Mahfuza Murodova doimo ehtiyotkorlik bilan ish tutadi. Sababi u ta’lim - tarbiya jarayonida bolalar manfaatini himoya qilish zarurligini biror daqiqa ham unutmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak bu tajribali pedagog nafaqat o‘zi ishlayotgan maktabda, balki tuman xalq ta’limi bo‘limidagi hamkasblari o‘rtasida ham katta izzat - hurmat qozongan. Mahfuza Murodova 1962 yilda Samarqand viloyatining Ishtihon tumanida tug‘ilgan. Maktabni tugatgach, Samarqand davlat pedagogika institutining sirtqi bo‘limida o‘qidi. Ingliz tili o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha institutni tamomladi. Ish faoliyatini tumandagi 37 - maktab o‘qituvchiligidan boshladi. Bir necha yillardan so‘ng maktab direktorining ta’lim - tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi. 1998 yildan to bugunga qadar xuddi shu ilm dargohining rahbaridir. Ish faoliyati davomida maktab o‘quvchilariga chuqur bilim berib, ularni fan olimpiadalariga tayyorlashda jonkuyarli qildi. Shuningdek, uning o‘quvchilari turli ko‘rik - tanlovlarda ishtiroq etib faxrli o‘rinlarni egalladilar.
2009 yilda 565 o‘rinli yangi maktab binosi qurib, foydalanishga topshirildi. Har tomonlama jihozlangan va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan bu maktabda endilikda ming nafarga yaqin o‘quvchilar tahsil oladi. Pedagoglar jamoasi malakali va qatta tajribaga egadir. Mahfuza Murodova ko‘p yillardan buyon maktabdagi ezgu savob ishlarga bosh - qosh bo‘lib kelayotir. Samarali xizmatlari evaziga hukumatimizning yuksak mukofoti – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Mahfuza G‘aniyevna el - yurt o‘rtasida katta obro‘ topgan pedagoglardan biri. Uning oilasi namunali xonadonlardan sanaladi. Umr yo‘ldoshi - o‘qituvchi, to‘rt nafar farzandlari jamiyat xizmatida. Nabiralarining burro - burro so‘zlari va sho‘x kulgulari bu xonadonga yanada fayz bag‘ishlaydi.
- “Men butun umrimni sevimli kasbimga - bolalar tarbiyasiga bag‘ishlaganman, ana shu yo‘lda saodatli ayollar qatorida bo‘lsam o‘zimni juda - juda baxtli hisoblardim” - deydi u. Bizningcha ajoyib pedagog Mahfuza Murodova baxtli ayollardan biri. Shu o‘rinda ulug‘ yozuvchi Turgenevning shunday hikmatli so‘zini eslamoq joiz. “Ayol fidoyilik nimaligini tushunibgina qolmay, o‘zi ham fidoyilik namunasini ko‘rsatishga qodir zot” degan edi u. Taniqli yozuvchining bunday maqtov so‘zlari Mahfuza Murodova singari bilimdon rahbarlar sha’niga juda yarashadi.
Siz mo‘jaz yurakda yoqolgan yogdu, Oqibat quyoshdek socha olur nur. Buyuklar haqqiga qasamyod gap bu Sizdan bog‘ilanadi asli tafakkur.
Olamda ko‘p erur muborak onlar Tabarruk zotlar ham garchi ko‘p erur. Sizgadir ilk rahmat aziz insonlar, Munis muallimlar, Sizga tashakkur!