Kitob olamiga oshna yashagan suhbati shirin, o‘zi dilkash bo‘ldi. Uzoq yillar kutubxonachilik faoliyati bilan shug‘ullangan Maryam opa Hakimovani tengdosh ayollar, hatto, yoshlar ham: “Suhbati jonon opaxon”, - deya yaxshi ko‘rishadi.
Opa ham o‘qigan kitoblaridan hikmatlar, rivoyatu hikoyatlar keltirib, har qanday davraga jon bag‘ishlardi.
U 1945 yil 6 martda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tug‘ilgan. 1952 yilda 1 - sinfga borib, 1962 yilda o‘rta maktabni muvaffaqiyatli tugatgan.
Bolaligidan kimlardir: “Men do‘konchi bo‘laman, ko‘p shokolad olib yeyman”, - deya orzu qilgandek, ziyrakkina, bir eshitganini qulog‘iga oltin sirg‘a qilib taqib oladigan Maryam kutubxonachi bo‘lib, ko‘p kitoblar o‘qishni orzu qilardi.
Shu orzu izidan yurib, 1963 yilda (sobiq) Toshkent davlat madaniyat institutiga o‘qishga kirdi va 1967 yilda oliy ma’lumotli kutubxonachi diplomiga ega bo‘ldi. Ichki ishlar akademiyasida kutubxonachi vazifasida ish boshladi.
1970 yilda taqdir uning yo‘llarini urgutlik yigit Davron Bahriyev bilan tutashtirdi va Maryam ichki ishlar bo‘limi xodimi bo‘lgan bu yigitga turmushga chiqdi.
Urgutlik kelin oilasida o‘z vazifasini ado etish barobarida tuman madaniyat uyining kutubxonasiga ishga kirdi.
Inson jismida oziq - ovqatga ehtiyoj bo‘lganidek, ruhiyatida ma’naviy ozuqaga talab bo‘ladi. Kitob ruhiy ehtiyojlarning gultojidir. Maryam Hakimova butun ish faoliyati davomida atrofidagi yoshu qariga ham shu hakiqatni singdirishga harakat qildi.
Kitobsevarlarni ko‘paytirdi. Sirojxon Sattorov, Mavluda Umarova, Oqila Ahmedova kabi o‘nlab shogirdlar tayyorladi.
Ayniksa, 1972 - 2000 yillar oralig‘ida, ya’ni kutubxona direktori bo‘lib ishlagan paytlarida kutubxonani tom ma’nodagi madaniy - ma’rifiy maskanga aylantirdi.
Tuman xo‘jaliklarida avtodavatxonalar xodimlari bilan birga ko‘rgazmalar tashkil qilishga bosh - qosh bo‘ldi.
Ba’zilar kutubxonachi bo‘lish uchun o‘qish shart emas, deb hisoblaydi. Maryam Hakimova o‘nlab yosh yigit - qizlarni oliy ma’lumotli kutubxonachi bo‘lishga da’vat etdi.
Ziyoli oilada ulg‘aygan farzandlarda xam ziyoga tug‘ma mehr bo‘ladi. Maryam Hakimova va Davron Bahriyevlarning qatiy tarbiyasida ulg‘aygan o‘g‘il - qizlar ham o‘qib, kasb - korli bo‘lib jamiyatda mustahkam o‘rin egalladilar. To‘ng‘ichlari Shahnoza Urgut tuman tibbiyot kollejida dars beradi, rus tili muallimasi.
Shuhratjon - irrigator, Toshkent shahar Yunusobod tumanida trest boshqaruvchisi. Tal’atbek Samarqand avto¬mobil yo‘llari institutini tugatgan, u ham Toshkentda trestda prorab lavozimida faoliyat olib boradi. Shahzoda Urgut tuman sug‘urta kompaniyasida ishlaydi.
G‘ayratjon esa O‘zbekistan jahon tillari institutini bitirib, Saudiya Arabistonida tarjimon bo‘lib faoliyat olib boradi.
Bahriyevlar xonadonida 12 nafar nevara kamolga yetmoqda.
- Nafaqadaman. Bir kun Toshkentda, bir kun Urgutda qiz - kuyovlar, o‘g‘il, kelinlarning mehr - muhabbatidan davlatmand ona bo‘lib, ularning duosini qilib o‘tiribman, - deydi Maryam opa. Unga o‘xshaging, unday yashaging, yashnaging keladi.