Har sohada jamoatchilikka ibrat bola olish insondan katta mehnat, qunt va jasorat talab etadi, hamisha ildamlik va jonkuyarlik harakat qilishga undaydi. Qurvanoy opaning qirq ikki yillik mehnat faoliyati ham uning ana shunday qobiliyat sohibi ekanligiga shahodat berib turibdi.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tavallud topgan Qurvanoy tanlagan mutaxassislik bo‘yicha oliy ta’limni ham poytaxtda oldi. Dastavval Toshkent madaniy-oqartuv texnikumini, keyinchalik Toshkent madaniyat oliygohini tamomladi. Bu orada yo‘llanma bilan Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga ishga yuborilib, tumandagi Oqer qishlog‘ida sobiq M. Keldiev nomli jamoa xo‘jaligi kutubxonasida mudira bo‘lib ishlay boshladi.
Bu vaqtda u kutubxonaga keluvchi kitobxonlar sonini ko‘paytirish, ular bilan suhbat va konferensiyalar o‘tkazish, shuning-dek, mutolaa madaniyatini shakllantirish va targ‘ib etish ishlariga alohida ahamiyat berdi. Kutubxona mudirasi sifatida o‘ziga xos uslubda ish olib bordi. Shu bois ham 1972 yili Respublikada o‘tkazilgan «Kutubxonachilar» tanlovining mutloq g‘olibi deb e’tirof etildi.
1994—1995 yillar davomida tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli «Do‘stlik» bolalar bog‘chasining mudirasi sifatida faoliyat yuritdi. Bu qisqa muddat ichida bolajonlarning suyukli ustoziga aylanib ulgurdi.
Qurvanoy opa, shuningdek, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi rayosati a’zosi bo‘lgan kezlarida xotin-qizlarimiz hayotiga oid masalalarni hal etishda, qo‘mitaga tushgan ariza, shikoyat va murojaatlarga samarali yechim topishda ham faollik ko‘rsatgan, ko‘pchi- likning hurmatini qozonib, o‘z mas’uliyatini sharaf bilan ado etgan.
Mana olti yildirki, Oqer mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat, ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib, ayollarning suyanchiga aylangan Qurvanoy opa endi mahalla ahli bilan birgalikda turli ma’naviy-ma’rifiy mavzuda tadbir va suhbatlar uyushtirib, mahallada tarbiya topayotgan yoshlar ongiga tarbiyaning o‘chmas ziyolarini ulashmokda. O‘tgan davr mobaynida Qurvanoy opa boshchiligida «Navro‘z», «Oila muqaddas dargoh», «Uch avlod uchrashuvi», «Eng namunali oila», «Balli, qizlar!» hamda «Yuz yoshli momo» singari ko‘rik-tanlov va tadbirlar o‘tkazildi. Qurvanoy opaning faolligi, qolaversa, jamoatchiligi tuman hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan e’tiborsiz qolmadi, Opa qator maqtov hamda faxriy yorlikdar bilan taqdirlandi.
2009 yilda yoshlar o‘rtasida «Mahallam tarixini o‘rganaman» ko‘rik-tanlovida oqerlik yoshlarning viloyatda faxrli ikkinchi o‘rinni egallashi qilingan mehnatning samarasi bo‘ldi.
Qurvanoy Halimovaning orzusi ham oilalar mustahkamligini ta’minlash, mahallani obod etish hamda aholi turmush farovonligini yaxshilash kabi xayrli ishlarga ulush qo‘shishdir. Oqer qishlog‘i tarixi haqida kitob yozish niyati ham bor.