Ilmning shuuri, qudrati. U bir cho‘g‘ga o‘xshaydi, qalbga zarra bo‘lib kirib, unga sira tinchlik bermaydi, otash bo‘lib yonadi, o‘z tafti bilan olamni, atrofni ilitadi.Ilm olamiga bir kirgan odam uning sirli va chuqur dengizida suzadi, bilishga, o‘rganishga, uning siru - sinoatlarii ochishga, yangiliklarga intiladi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Defektologiya fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Hamidova Muyassar Polsaidovna ham ana shunday qalbida o‘ti bor, ilmning mashaqqatli zahmatlarini yelkasiga olib, bu yo‘lda izlanib, intilib ilm - fan rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan iqtidorli olimalardan.
1988 yilda Nizomiy nomidagi TDPI Defektologiya fakultetini tugatgan, yosh mutahassis o‘z ish faoliyatini 85 - bolalar bogchasida tarbiyachi sifatida boshladi. Biroq ilmga bo‘lgan qiziqish, o‘sha qalbga tushgan mittigina cho‘g, o‘qib - o‘rganish hissi unga tichlik bermadi. Shu vaqtning o‘zida o‘zi o‘qigan ilm dargohida oligofreno pedagogika va logopediya kafedrasida o‘quv yuklamasini soatbay hisobida bajardi.
1990 yil ushbu kafedraga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan.
1995 - 1999 yillari Nizomiy nomli TDPUning aspiranturasining sirtqi bo‘limida “Mahsus pedagogika” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan va ish faoliyatini Oligofrenopedagogika va logopediya kafedrasida davom ettirgan.
Muyassar Hamidova 2001 yili “Maktabgacha bolalar yoshidagi aqli zaif bolalarni so‘z boyligini oshirishning korrektsion pedagogik asoslari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va mahsus pedagogika ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga erishdi.
Dotsent Muyassar Polsaidovna 2007 yildan Defektologiya fakultetida o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimida, shuningdek, Maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi dotsenti sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Olima tomonidan bir qator ilmiy uslubiy ishlar, darslik, o‘quv qo‘llanmalar chop etilgan.
Muyassar Hamidova defektologiya sohasidagi barcha yangiliklardan xabardor bo‘lish bilan birgalikda, defektologiya sohasining rivojlanishida katta hissa qo‘shdi.
Tajribali pedagog Magistrlarning dissertatsiyalari va Defektologiya ta’lim yo‘nalishi talabalarining bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda.
Uz faoliyati davomida Hamidova Muyassar Polsaidovna o‘zining insonparvarligi, mehnatkashligi, intiluvchanligi, shu bilan birgalikda mas’uliyatliligi, talabchanligi bilan fakultet jamoasi oldida alohida hurmatga ega. U o‘z tajribasini siyosiy, iqtisodiy va ilmiy - nazariy darajasini oshirish ustida tinmay ish olib boradi. U o‘ziga berilgan barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashadi va o‘z vaqtida bajaradi.