Toshkent To‘kimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi ixtisoslashgan kengashda “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi” ixtisosligi bo‘yicha “Sovershenstvovaniye texnologii nodgotovki k krasheniyu smesevmiyx trikotajniyx poloten” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Kimyoviy texnologiyadan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mutaxassislik fanlaridan ma’ruza va laboratoriya mashg‘ulotlarini olib boradi. U darslarni puxta tayyorgarlik va o‘z ilmiga tayangan holda mahorat bilan o‘tkazishga intiladi. Ishga mas’uliyati, talabchanligi, fidoyiligi tufayli izzat - hurmatga sazovor.
Dotsent Mahfuza Hasanova “Kimyoviy texnologiya” kafedrasida mavjud bo‘lgan to‘qimachilik materiallarini pardozlash va qog‘oz ishlab chiqarish korxonalari bilan o‘zaro hamkorlik doirasida ish olib boruvchi innovatsion korporativ hamkorlik guruhi a’zosi. Ushbu guruh faoli sifatida u tegishli ishlab chiqarish korxonalari muammolari asosida ilmiy seminarlar, suhbatlar o‘tkazishning tashkilotchisi hisoblanadi.
Mahfuza Shuhratovna amaliy, asosiy va innovatsion davlat byudjetlari doirasida ilmiy ishlar olib boradi. Jumladan, 2006 - 2008 yillardagi, 2009 - 2011 yillardagi, 2007 - 2011 yillardagi, 2012 - 2016 yillardagi asosiy byudjet, 2014 - 2015 yillardagi innovatsion byudjet a’zosi sifatida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan va olib bormoqda.
Dotsent Hasanova kafedrada iqtidorli talabalar va magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarligida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar doirasida 10 dan ortiq ishlar chop etilgan.
Olimaning shu kungacha 78 ta ilmiy ishlari e’lon qilingan. Shulardan 56 tasi ilmiy maqola va patentlar, 22 tasi ilmiy uslubiy ishlar.
Mahfuza Hasanova 2013 yilda Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning tajribasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy - uslubiy markazida “Ta’lim tizimi menejmenti” yo‘nalishi bo‘yicha tajriba oshirgan.
Dotsent Mahfuza Hasanova har yili xalqaro va Respublika ilmiy - amaliy anjumanlarida ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etadi. Jumladan, Qozog‘istonning Chimkent shahrida “Nurli jol” Rossiyaning Volgograd shahrida o‘tkazilgan “Global Science and Innovation” va Rossiyaning Ivanovo shahrida o‘tkazilgan “Fizika voloknistiyx materialov: struktura, svoystva, naukoemkie texnologii i materialiy” (Smartex - 2015) xalqaro anjumanlarida ilmiy tadqiqotlar asosidagi ma’ruzalar konferentsiya materiallari to‘plamida chop etilgan.
Mahfuza Hasanova tomonidan bajarilgan paxta va nitron tolalari hamda nitron ipak tolalari aralashmasidan tayyorlangan to‘qimachilik materiallarini pardozlash texnologiyasi muammolariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari bir necha korxonalarga tadbiq etilgan.
Olima o‘qib - o‘rganishdan, bilganlarini shogirdlariga, talabalarga o‘rgatishdan, o‘zi ham ilmning cheksiz yo‘llarida izlanishdan tolmaydi. Zero, buning uchun qalbida istak, xohish, orzular, maqsadlar talay.