Hidirova Mohiniso Bahromovna, 1973 yilning 20 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida tavallud topdi. 1990 yili Toshkent shahardagi 252 - o‘rta maktabni imtiyozli tamomladi. 1990 yili Mirzo Ulug‘bek nomli O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kirib, uni 1995 yili “mexanik, matematik – amaliyotchi” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatdi. Shu yili O‘zMU aspiranturasiga tavsiya etildi. Yosh mutaxassis “Yurak - tomir tizimini matematik modellashtirish” mavzusi bo‘yicha ilmiy ish olib bordi. 1999 yili nomzodlik dissertatsiyani fizika - matematika fanlari bo‘yicha yoqladi.
1999 — 2001 yillar ichida UzMUda dotsent va ilmiy ishlar bo‘yicha mexanika - matematika fakulteti dekani muovini lavozimlarida ishladi.
Mohiniso Xidirova tomonidan yaratilgan “Regus” nomli qon aylanish kompyuter modeli “Respublika eng yaxshi dastur mahsuloti” konkursida eng yaxshi ilmiy dastur sovriniga sazovor bo‘ldi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tadqiqotlarni qo‘llab - quvvatlash fondining 41 — 96 grantida portal gipertenziya kasalligini tahlil qilishda qo‘llandi (1996 - 1998). Yosh olima 1999 yili yurak - tomir tizimini modellashtirish sohasidagi ishlari uchun O‘zRFA yosh olimlar konkursining laureati bo‘ldi. 2000 yili “Yurak faoliyatini sifatiy tahlil qilish” ilmiy ishi Fan va texnika Davlat Qo‘mitasining Fundamental tadqiqotlar fondi konkursida g‘olib chiqdi. Grant natijalari bilan Mohiniso Xidirova 2001 yili “Yurak to‘qimasi faoliyati tenglamalari” mavzusi bo‘yicha Germaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferentsiyada qatnashdi.
2002 yil fevral oyida respublika yosh olimlari konkursida g‘olib chiqqani uchun Moskva Davlat universitetiga bir yillik ilmiy stajirovkaga yuborildi. Mohiniso bu vaqtda “Aktiv muhitlar tenglamalari” sohasida ilmiy ish olib bordi va asosiy natijalarini Angliyada bo‘lib o‘tgan xalkaro konferentsiyada ma’ruza qildi.
Mohiniso Bahromovna hozirda O‘zMU mehanika - matematika fakulteti doktoranti. U “Aktiv muhitlar tenglamalari” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda. Olimaning 41 ta ilmiy ishi va o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan, nashrga topshrilgan.
Mohiniso Xidirova ilmiy ishlari natijalari va ularni jahon mikyosiga olib chiqqani uchun 2003 yili “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va O‘zbekiston Milliy universiteti 85 yilligi yubiley esdalik medali bilan taqdirlangan.