Zahmatlar ortidagi baxt
Bu ayolning yuzu ko‘zlari kulib turadi. Chehrasidagi samimiylik yuragi toza ekanligidan dalolat beradi. Qarshisidagi suhbatdoshi uning so‘zlaridan behad ilhomlanadi, so‘ng «juda shirinsuxan ekan» degan xayolga boradi. Agar kimdir undan maslahat so‘rasa darrov ko‘makka oshiqadi, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakat qiladi.
«Biz insonlar bir-birimizning taqdirimizga aslo beparvo qaramasligimiz kerak, chunki bir-birimizning hayotimizga mas’ulmiz» deydi u.
Chindan ham shunday. Axir bu yorug‘ dunyoda odamlar bir-birlariga do‘stu qadrdon bo‘lib yashashsa, yiqilganni suyab, xastalanganda dardini aritsa, og‘ir ahvolda qolganida jonu-dildan yordamlashsa yaxshi emasmi? Bunday ezgu harakatlar ko‘ngillar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, kishilarni bir-biriga yanada yaqin qiladi, shu asnoda taqdirlar birlashadi, qalblarga ezgulik ziyo taratadi. Dilbar Hojiyeva mana shular haqida juda ko‘p o‘ylaydi, ayniqsa o‘tgan umr yo‘liga nazar tashlasa hali bajarishi lozim bo‘lgan ezgu yumushlari anchagina ekanini fahmlaydi va shaxt bilan yana ilgariga qarab odimlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak bu ayolni buxoroliklar juda hurmatlashadi. Hatto uni «qo‘li yengil shifokor, ishi ham, o‘zi ham go‘zal» deya ta’riflashadi.
Aslida Dilbar Hojiyevaning muvaffaqiyatlari ortida katta zahmatlar yashiringan. U hozirgi darajadagi mavqeyiga osonlikcha erishmadi. Balki tunu kun mashaqqat chekib mehnat qildi, mehnatlarining mevasini ko‘rishga oshiqdi, keksalar hikmatida aytilganidek «suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib» yashadi. Bugungi kunda Dilbar Hojiyeva Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro tibbiyot institutining «Nevrologiya va tibbiyot genetikasi» kafedrasining dotsenti hamda «Aziz Med shifo» xususiy klinikasi rahbaridir. 25 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu klinikada bemorlar uchun barcha shart-sharoit muhayyo.
Hatto olis qishloqdardan kelgan kishilar ham tezgina dardlariga davo topishadi, so‘ng esa klinika shifokorlaridan minnatdor bo‘lib sog‘lom hayot quchog‘iga qaytadilar. Bu esa Dilbar Tojiyevnani yanada quvontiradi, ishiga ilhom beradi, ko‘ngliga yorug‘lik soladi.
Dilbar Hojiyeva 1959 yil 21 aprelda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida tug‘ilgan. Chorbakr qishlog‘idagi 23- o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatib, 1976-1982 yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutining Davolash fakultetida tahsil oldi. Ish faoliyatini Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli kasalxonasida vrach nevropatolog sifatida boshladi. 1993 yildan keyin esa Buxoro davlat institutining nevrologiya va tibbiyot genetikasi kafedrasida assistent, ilmiy ishlarga mas’ul shaxs, keyinchalik dotsent vazifalarida ish yuritdi.
1995 yilda Dilbar Hojiyeva fan nomzodi ilmiy darajasiga erishdi. 1996 - 2003 yillarda Buxoro tibbiyot institutining aspirantura bo‘limiga rahbarlik qildi. 2000 yildan boshlab hozirgi lavozimida faoliyat ko‘rsatayapti. Dilbar Hojiyeva o‘ta izlanuvchan, yangilikka o‘ch, doimo malakasini oshirib, tajribasini boyitishga harakat qiladi, buning uchun hech tinib-tinchimaydi. Balki «Aziz Med shifo» xususiy nevrologiya klinikasini ochishiga ham mana shu serg‘ayratligi va intiluvchanligi sabab bo‘lgandir.
Mana, olti yildirki ushbu klinika bemorlar uchun ajoyib davo maskani bo‘lib qoldi. Bu joyda jahon andozalariga mos keladigan shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan, Exoentsefalgrafiya, gemolitik analizator, UTT diagnostikasi apparatlari ishlab turibdi. Respublikaning turli shahar va qishloqlaridan o‘nlab bemorlar shu klinikaga kelib davolanishadi.
Dotsent Dilbar Hojiyeva ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda. Uning tibbiyot muammolariga qaratilgan ko‘plab ilmiy maqolalari, yigirmadan oshiq uslubiy qo‘llanmalari turli nashrlarda chop etilgan. Bugungi kunda Dilbar Tojiyevna tibbiyot sohasidagi zamonaviy ilmlarni o‘zlashtirish va bemorlarni davolashda eng so‘nggi usullardan foydalanish yo‘lida izlaniyotir.
Oila –muqaddas dargoh. Farzandlar aqlli va bilimli bo‘lib voyaga yetishsa oila obro‘si yanada yuksaladi. Dilbar Hojiyeva umr yo‘ldoshi bilan birgalikda o‘g‘il-qizlarni jamiyatga kerakli shaxslar qilib tarbiyalashdi. Bugungi kunda katta qizlari Dildoraxon – Toshkent tibbiyot akademiyasi nevrologiya kafedrasida ilmiy izlanishlarini davom ettirayapti. O‘g‘li Nodirjon Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti nevrologiya kafedrasining klinik ordinatori. Kuyovi Ravshanjon Respublika travmatologiya va ortopediya institutida aspirant, kelini Elnoraxon esa Toshkent akusher va ginekologiya ilmiy markazining klinik ordinatori . Uch nafar nabiralar –Azizbek, Adbualim, Abukkabir , hammalari oila quvonchiga quvonch qo‘shishadi.