Ibragimova Muhabbat
Dorishunos olima
Kishilarning hayoti va salomatligiga daxldor kasblardan biri dorishunoslikdir. Bu kasb egalari juda hushyor va sergak bo‘lishlari shart. Chunki dorishunoslikda arzimagan bir xato ham katta fojialarni keltirib chiqarishi mumkin . Muhabbat Ibragimova shunday nozik sohada ishlayotganligiga chorak asrdan oshdi. U oddiy dorixonada provizor - texnolog vazifasidan to direktor lavozimigacha ishlagan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.
Muhabbat Ibragimova 1957 yilda Toshkent shahrida tavallud topdi. O‘rta maktabda a’lo baholarga o‘qidi. 1979 yilda Toshkent davlat farmatsevtika institutini tugatgach, shu sohaning bilimdoni bo‘lishga ahd qildi.
Mehnat insonga baxt keltiradi deganlari rost. Agar bunday mehnatga izlanish va intiluvchanlik bo‘lsa yanada yaxshi. O‘z ustida tinmay ishlash hamda ijod qilish Muhabbat Ibragimovaning yillar davomidagi hayotiy shioriga aylangan. Mehri va sadoqatini bag‘ishlagan kasbi vaqti kelib unga muvaffaqiyatlar keltirdi. Farmatsevtika fanlari nomzodi bo‘ldi, dotsentlik darajasiga erishdi.
Olima dorishunoslikning dolzarb masalalariga oid turli yirik anjumanlarda ishtirok etdi. Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Koreya, Braziliya, Pokiston, Hindiston davlatlarida ham bo‘ldi.
Umr yo‘ldoshi Abdulxay Ibragimov bilan ahillikda umr kechirib uch farzandni tarbiyalashdi. Nazokat, Sevara, Sherzodlar ayni paytda ma’sul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatishdi. Olima to‘rt nafar nabiralarining ta’lim - tarbiyasi uchun ham jon kuydirdi.
Bugungi kunda Muhabbat Ibragimova O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalari va tibbiy buyumlar siyosati markazining direktori, Soha rivojiga oid ilmiy maqola va qo‘llanmalari turli nashrlarda chop etilgan. Shogirdlari ham anchagina . Muhabbat Ibragimova doimo tinmay izlandi, bilim va tajribasini qunt bilan oshira boradi. Zero bir shoir aytganidek:
Uyg‘on yurak, sen g‘aflatni chetga itar,
Boy bermaylik ishtiyoq va imkonlarni.
Yangi davr sari mudom ilgari yur,
Yozib ketgil umrning go‘zal dostonlarini.
Chindan ham dorishunos olima Muhabbat Ibragimovaning zahmatli mehnatlari tufayli erishgan baxt - saodati uning umr sahifalariga go‘zal dostonlar bo‘lib yozilsa ajab emas.
Bizningcha bu - haqiqat.