O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Irmuhammedova Gulchehra

Irmuhammedova Gulchehra     Til o‘rganish oson ish emas. Bu jarayonning o‘ziga  yarasha mashaqqatlari  bor. Insondan  iroda, qunt, sabot  talab qiladi.  Har kim  ham yurak yutib, o‘zini shunday mashaqqatli mehnatga chog‘layvermaydi. Chog‘langanlar esa tom ma’noda irodali insonlar. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchisi Gulchehra Irmuhamedova til o‘rganib, turli mamlakatlarga eshik ochish istagi bilan orzular olamiga qadam qo‘ydi.
    Gulchehra asli Samarqand farzandi. Otasi Nosir Irmuhamedov viloyatda taniqli huquqshunoslardan edi. Afsuski, hayot u kishiga vafo qilmadi. Avtohalokat tufayli erta olamdan o‘tdi. Gulchehra esa bolaligidan til o‘rganishga qiziqardi. Oila ustuni ota vafot etgach, xonadonning, bolalarning yashash, o‘qishi bilan bog‘liq tashvishlar maktabda muallimalik qiladigan onaizor zimmasiga tushadi. Onasi bir yelkasida tortib kelayotgan hayot mashaqkatlarini ko‘rsa-da, Gulchehrani o‘qish, til o‘rganish istagi tark etmadi. U o‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetining chet tillar fakultetiga o‘qishga kiradi. Gulchehra talabaligida ham faolligi, tashkilotchiligi bilan tengdoshlariga o‘rnak edi. U 1979 yilda universitetni imtiyozli diplom bilan bitiradi.
    Gulchehraning tillar tadqiqotiga bo‘lgan qiziqishini sezgan ustozlari bu faol talabaga universitetda qolishni, ilmiy izlanishlarini davom ettirishni taklif qilishdi. Gulchehrani esa boshqa soha turizm sohasi o‘ziga tortardi.
    Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlardagi yodgorlik ansambllarini xorijliklarga tanishtirish, shu binolar tarxidagi aniqlik, bezaklaridagi san’atkorlik orqali xalqimizning ming-ming yillik ruhiyatini targ‘ib qilish Gulchehra uchun yangidan yangi bilim maydonlarini ochdi. AQSh, Kanada, London kabi shaharlar, davlatlardan kelgan mehmonlarni kutib, kuzatar ekan, Gulchehra faqat ingliz tilinigina emas, fransuz tilini ham o‘rgandi. Gulchehra o‘z kasbini yaxshi egallaganligi uchun faqat oddiy mehmonlarga emas, hukumat vakillari, turli nufuzli delegatsiyalarga ham gid-tarjimonlik qila boshladi. Taqdir taqozosi bilan ular Toshkentga kelishdi va Gulchehra Irmuhamedova keyingi faoliyatini pedagog sifatida davom ettirdi.
    Onasi uzoq yillar o‘rta maktabda dars bergan edi. Seni onangning qoni tortdi, - deyishdi ota-ona qadrdonlari.
    Gulchehraning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dars bera boshlaganiga bir sabab o‘sha, ya’ni onaga izdoshlik istagi bo‘lsa, yana bir sabab qaynonasi edi. Gulchehra Samarqandda gid-tarjimon sifatida faoliyat olib borayotganda harbiy yigit Temur Nazarov bilan tanishgan, ko‘p o‘tmay bu tanishuv do‘stona munosabatga, do‘stona munosabat esa muhabbatga aylanib, ikki yosh turmush qurishgan edi. Temurning onasi Rahima Nazarova Toshkentda istiqlol sharofati bilan yangi ish boshlagan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dars berardi. Gulchehra Irmuhamedova universitet hayotiga tez ko‘nikib ketdi. Qaynonasi har jihatdan mukammallikka intiladigan, harakatchan keliniga ustozlik qildi. 1995 yilda ish faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan muallima oliygoh rahbarlarining nazariga tushdi. 2000 yilda xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetining ingliz tili kafedrasiga mudir etib tayinlandi. Bugungi talabalar kasbiy mahoratni egallashi barobarida, albatta, xorijiy tillarni ham bilishlari shart. 2012 yil 10 dekabrda davlatimiz rahbarining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingach, yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga juda katta ahamiyat berila boshladi. Gulchehra Irmuhamedova bu qaynoq jarayonda faol ishtirok etdi. 30 dan ortiq darslik, uslubiy qo‘llanma va ishlanmalar, glossariy (uch tilli lug‘at) yaratdi.
    2009 yilda xalqaro iqtisodchilar uchun ingliz tilini o‘rganish uslubiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu dissertatsiya yilning eng yaxshi ilmiy ishlaridan biri sifatida e’tirof etilganligi ham olimaning qizg‘in mehnatlari bilan qadam - baqadam ilgarilab borayotganligini dalillaydi.
    O‘z ustida muntazam ishlagan, mehnat muvaffaqiyatlaridan qochmagan insongagina hayotda, oilada yutuqlar yor bo‘ladi.
    Gulchehra Irmuhamedova 50 dan ortiq ilmiy maqolalar va 2 ta monografiya muallifi;
    Britaniya kengashi maslahatchisi;
    yozuvchi ayollar xalqaro gildiyasi a’zosi;
    Po‘lat, Azizbek, Nargis ismli zamonamizning eng ilg‘or yoshlarining tarbiyachisi  onasi.
    Darvoqe, farzandlar haqida ikki og‘iz so‘z.
    Gulchehra Irmuhamedovaning to‘ng‘ich o‘g‘li Po‘lat - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini a’lo baholarga bitirgan, hozir disterbyuterlik kompaniyasini boshqarmoqda.
    O‘rtancha farzandi Azizbek Vestminster xalqaro universitetini imtiyozli diplom bilan bitirgan, iqtisodchi. Olmaliq konmetallurgiya kombinatida ishlaydi. Kenjatoy Nargis ham Vestminster universitetini imtiyozli bitirdi. Har qobil farzand  ota-onaning yorug‘ yuzi ekanligini hisobga olsak, Gulchehra Irmuhamedovani oilada ham, jamiyatda ham baxt qurshovidagi ayol deb baholash mumkin. Baxtiyor ustozlik, baxtiyor bekalikka havas ortib borayotganiga aynan shunday ayollarning sabab bo‘layotganini quvonch bilan ta’kidlash zarur.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar80



Ijtimoiy-gumanitar fanlar10



Tabiiy fanlar5



Filologiya5