Landish. Xo‘p chiroyli ismlari bor ekan bu fidokorimizning, o‘zbekchasiga Marvaridgul. Chindan ham antiqa - ya. Uch qizning onasi, bir erkagina nabiraning buvijonisi. Chindan - da bu uch farzand o‘z onalaridek oilaparvar, kuydi - pishdi, maqsadlariga erishish uchun har qanday qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan inson bo‘lishni istaydilar.
Landish Muxamedzakiyevna Toshkentda 1958 yilning 20 sentyabr kuni tug‘ilgan, hamma kabi maktabda o‘qigan. Uni bitirgan. 1981 yilda esa Toshkent Meditsina institutining birinchi davolash fakultetidagi o‘qishini a’lo baholarga yakunlagan. Bu baholar unga institut klinikasi qoshidagi internaturada (1981 — 1982) akusher - ginekolog mutaxassisligi bo‘yicha bilimini kengaytirish uchun imkoniyat yaratgan. So‘ng shahardagi 8 - tug‘ruqxonada vrach akusher - ginekolog bo‘lib ishlagan. U kasbini chuqur o‘zlashtirgani sari ilm bilan shug‘ullanishga, bu sohaning ochilmagan qirralarini ochishga qiziqavergan. Natija shu bo‘ldiki, u 1990 — 1993 yillar ichida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Akusherlik va ginekologiya kafedrasi aspiranturasida o‘qidi. Dissertatsiya yoqlashi uchun ham o‘z mavzusi ustida bir oz ishlashi lozim edi. Shu bois aspirantlik davrini tugatgach, shu institutning Akusherlik, ginekologiya va perinatal meditsina kafedrasiga ishga tushdi va hozirgacha shu yerda xizmat qilmoqda. Buni Respublika qizlar va o‘smir- lar reproduktiv salomatligi Markazidagi ishi bilan qo‘shib olib bormoqda. Landish Muxamedzakiyevna dotsent, oliy toifali vrachdir.
Landish Isanbayeva 1996 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. U yigirma beshdan ortiq ilmiy ishlar muallifidir. Olima bir necha bor ilmiy - amaliy konferentsiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan qatnashgan. Akusher - ginekologlarning Toshkentda o‘tgan V —VI s’ezdlarida (1999, 2003.) nutk so‘zlagan.
L.Isanbayeva vaqtli matbuotda va radio, televideniye orqali bolalar ginekologiyasiga oid chiqishlar qilgan. Xozir olima doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda.